Endi cho‘chqalar odamlarga donorlik qilishi mumkin
Salomatlik
−
25 Oktabr 5410 2 daqiqa
Yaponiyadagi PorMedTec startapi 2027 yilga borib odamlar uchun organ ko‘chirib o‘tkazish maqsadida klonlangan cho‘chqalarni (oddiy tabiiy yo‘l bilan tug‘ilmagan, balki genetik jihatdan aynan bir xil nusxa sifatida sun’iy laboratoriya sharoitida yaratilgan cho‘chqa) yetishtiradigan fermani ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Nikkei Asia” xabar berdi.
Qayd etilishicha, PorMedTec Amerika biotexnologiya kompaniyasi eGenesis bilan hamkorlikda oddiy cho‘chqalarning hujayralaridan foydalanib, klonlangan hayvonlar yaratadi. Organlar inson organizmi tomonidan rad etilish xavfini kamaytirish uchun bu biologik material avvaldan genetik jihatdan o‘zgartiriladi.
Ferma Osaka shahrida joylashadi va yiliga taxminan 100 ta cho‘chqani yetishtirish rejalashtirilgan. Hayvonlar kerakli o‘lchamga yetgach, tibbiyot markazlariga organlarini olish uchun jo‘natiladi. Fermada zamonaviy uskunalar, jumladan, sun’iy intellektga ega kuzatuv kameralar o‘rnatilib, cho‘chqalarning tana harorati va boshqa biologik ko‘rsatkichlari doimiy nazorat qilinadi.
Nashrga ko‘ra, donor organlar yetishmovchiligi sharoitida odamlar uchun cho‘chqa organlaridan foydalanish mumkin, chunki ularning o‘lchami inson organlariga juda yaqin. O‘tgan yilning fevral oyida Meiji universiteti (eGenesis loyihasi egasi) startap va eGenesis kompaniyalari Yaponiyada birinchi marta odam organ transplantatsiyasi uchun uchta klonlangan cho‘chqa yaratganini e’lon qilgandi.
Shuningdek, o‘tgan yilning noyabr oyida yapon kompaniyasi cho‘chqaning buyragini maymunga muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazgan.
Ma’lumot uchun, PorMedTec loyihasi 2017 yilda Meiji universiteti tomonidan ishga tushirilgan bo‘lib, uning maqsadi regenerativ tibbiyotda yangi avlod materiallarini yaratish orqali jahon tibbiyotiga hissa qo‘shishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy olimlari dunyoda ilk bor insonga cho‘chqaning o‘pkasini ko‘chirib o‘tkazgandi. Tajriba Guanchjoudagi tibbiyot markazida o‘tkazilgan. Hayvonda CRISPR texnologiyasi (bakteriyalar va arxeylarning tabiiy immun tizimiga asoslangan DNʼni aniq tahrirlash texnologiyasi) yordamida o‘zgartirilgan olti gen mavjud bo‘lgan.
Live
Barchasi