Endi xorijdan deportatsiya qilingan migrantlarga chora ko‘riladi

Jamiyat

image

Tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborilgan va borgan davlatining qonunchilik hujjatlarini buzishi oqibatida deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarish va ularni qaytarish bilan bog‘lik xarajatlarni undirish tartibi joriy etiladi. Bu haqda bugun, 13 may kuni qabul qilingan “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarorida so‘z boradi.

Qarorga ko‘ra, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi oqibatida deportatsiya qilingan fuqarolarga quyidagi ta’sir choralari qo‘llanadi:

  • deportatsiya qilingan fuqaro Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qaytarilganda, qaytarish xarajatlarini fuqarodan undirib olish;
  • Migratsiya jamg‘armasi hisobidan taqdim etilgan subsidiya va kompensatsiya summalarini qaytarib undirish;
  • 1 yilgacha muddat davomida rivojlangan davlatlarga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatmaslik.

Deportatsiya qilingan fuqarolar quyidagilar asosida qaytariladi:

  • ularning O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga murojaati;
  • ular va yaqin qarindoshlarining Migratsiya agentligining xorijdagi vakolatxonalari, hududiy filiallariga murojaati;
  • xorijiy davlatlar vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan deportatsiya qilingan fuqarolar bo‘yicha ma’lumotlar.

Deportatsiya qilingan fuqarolar ularning transport xarajatlarini moliyalashtirish orqali qaytariladi.

Fuqaroning moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi arizasi ijobiy ko‘rib chiqilganidan so‘ng 1 ish kunida Migratsiya agentligi va fuqaro o‘rtasida qarz shartnomasi tuziladi. Shartnomaga muvofiq, moliyaviy yordam olgan shaxs ushbu mablag‘larning o‘rnini 30 kun muddatda qoplashi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hukumatning mazkur qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan (o‘z ixtiyori bilan yoki majburiy ravishda O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar) fuqarolarga 2 yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmasligi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant deportatsiya Mehnat migratsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing