Epshteyn fayllarida insoniyatga qarshi jinoyat alomatlari mavjud – BMT

Olam

image

Matbuotda ko‘pincha “Epshteyn fayllari” deb ataladigan hujjatlar to‘plami ayollar va qizlarga nisbatan tizimli va keng ko‘lamli jinsiy zo‘ravonlik, odam savdosi hamda ekspluatatsiyaning xavotirli va ishonchli dalillarini o‘z ichiga oladi. Bu haqda BMT ekspertlari bayonot berdi.

Ularning fikricha, taqdim etilgan materiallar transmilliy jinoiy tarmoq mavjud bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi va insoniyatga qarshi jinoyatlar ta’rifiga tushishi ehtimoli bo‘lgan harakatlardan dalolat beradi.

Ekspertlar hujjatlarda qayd etilgan harakatlar jinsiy qullik, reproduktiv zo‘ravonlik, qiynoqlar, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni tahqirlovchi muomala, shuningdek femitsid sifatida malakalash mumkinligini ta’kidlagan.

“Bu jinoyatlar irqchilik, korrupsiya, mizoginiya (ayollarga nisbatan nafrat, kamsitish, past ko‘rish yoki dushmanona munosabat) va dunyoning turli hududlaridan bo‘lgan ayollar hamda qizlarni tijoratlashtirish muhitida sodir etilgan”, deyiladi bayonotda.

Xalqaro jinoyat huquqiga ko‘ra, insoniyatga qarshi jinoyatlar “fuqarolik aholisiga qarshi keng ko‘lamli yoki tizimli hujum doirasida” sodir etilgan taqdirda jinsiy qullik, zo‘rlash, majburiy fohishalik, odam savdosi, ta’qib, qiynoqlar va qotillikni o‘z ichiga olishi mumkin. Ekspertlar “Epshteyn fayllari”da aniqlangan xulq-atvor modellari ushbu mezonlarga mos kelishi va vakolatli milliy hamda xalqaro sudlarda ta’qib etilishini talab qilishini bildirgan.

Materiallarni oshkor etish 2025 yil 19 noyabrda imzolangan “Epshteyn fayllari”ning shaffofligi to‘g‘risidagi qonun doirasida amalga oshirilmoqda. AQSH Adliya vazirligi 2026 yil 30 yanvarda 3 milliondan ortiq sahifa hujjat, 2 mingta videoyozuv va 180 mingta tasvirdan iborat yirik ma’lumotlar to‘plamini e’lon qildi.

Ekspertlar ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonida jiddiy qoidabuzarliklar aniqlangani haqida ogohlantirgan: tahrirlashdagi xatolar qurbonlarga oid maxfiy ma’lumotlarning sizib chiqishiga olib kelgan va yozuvlar qaytarib olinguniga qadar ularga qo‘shimcha zarar yetkazgan. Shu bilan birga, Jeffri Epshteynning faqat bitta yaqin hamkori tergov ostida qolmoqda.

“Ma’lumotlarni oshkor etish jarayonidagi qo‘pol xatolar sezgir materiallar bilan ishlashda shoshilinch va jabrlanuvchilarga yo‘naltirilgan tartib-taomillar zarurligini ko‘rsatadi, toki birorta ham jabrlanuvchi qayta ga uchramasin”, deydi mutaxassislar.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, maxfiylikni himoya qila olmaslik ayollarni ta’qib va stigmatizatsiya xavfi ostida qoldiradi, tergovlarning cheklanganligi esa ko‘plab jabrlanganlarni qayta ruhiy zarba holatida qoldirmoqda.

BMT ekspertlari AQSH hukumatini yo‘l qo‘yilgan xatolarni bartaraf etishga, jinoiy tarmoq faoliyati usullari bo‘yicha to‘liq oshkoralikni ta’minlashga, qurbonlarga yetkazilgan zararni qoplash kafolatlarini berishga va jazosizlikka barham berishga chaqirgan. Shuningdek, ular Jeffri Epshteyn faoliyati bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlar bo‘yicha da’vo muddati bekor qilinishi zarurligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-Meksiko shtati qonunchilari marhum moliyachi Jeffri Epshteynga tegishli bo‘lgan Zorro ranchosida yuz bergan voqealar yuzasidan ilk to‘liq ko‘lamli tergovni boshlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Epshteyn Epshteyn fayllari insoniyatga qarshi jinoyat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing