Eron Hormuzdan o‘tish uchun haq olishni boshladi
Olam
−
21 mart 21311 2 daqiqa
Eron Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun to‘lov undirishni yo‘lga qo‘ydi va ruxsat olgan tankerlar harakatlanishi uchun xavfsiz yo‘nalish tashkil qildi. Bu haqda Britaniyaning kemasozlikka oid “Lloyd’s List” jurnali xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida kamida to‘qqizta tanker Eronning Larak oroli yaqinidagi koridor orqali Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) harbiy-dengiz kuchlari ko‘z o‘ngida suzib o‘tgan. Kamida bir holatda kema operatori bo‘g‘ozdan o‘tish ruxsati uchun taxminan 2 million dollar to‘lagan.
Yaqin kunlarda IIQK ruxsatnomalar berishning yanada rasmiylashtirilgan tartibini ishlab chiqishi kutilmoqda.
“Hozirda hukumat va sanoat vakillari ishtirokida Isroil yoki AQSH bilan aniq aloqasi bo‘lmagan kemalarning Hormuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishini tasdiqlovchi tartibni yaratish ustida ish olib borilmoqda”, deydi Marisks kemachilik xavfsizligi kompaniyasi bosh direktori Dimitris Maniatis.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda bu masala har bir holat uchun alohida ko‘rib chiqilmoqda.
Bir qancha davlatlar, jumladan, Hindiston, Pokiston, Iroq, Malayziya va Xitoy hukumatlari kemalar tranziti rejalarini bevosita Tehron bilan muhokama qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Yaponiya va Kanada Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat bo‘yicha qo‘shma bayonot bergan edi. Xususan, ushbu davlatlar Hormuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Live
Barchasi