Eron elchisi Turkiyaga uchirilgan raketa haqida bayonot berdi

Olam

image

Eronning Anqaradagi elchisi Muhammad Hasan Habibullohzoda Erondan Turkiya tomonga uchirilgan raketalar haqida izoh berib, Turkiyaning milliy suverenitetiga hurmat bilan qaralishini bildirdi. Bu haqda DHA xabar qildi.

Habibullohzoda do‘st va qardosh davlat bo‘lgan Turkiyaning sa’y-harakatlariga ishonishini aytib, ayniqsa, Prezident Erdo‘g‘an va Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidanning bu boradagi harakatlariga minnatdorlik bildirgan.

“Biz Turkiyaning milliy suverenitetini hurmat qilamiz. Shu masala bo‘yicha Eron Qurolli kuchlari, Bosh shtab va Tashqi ishlar vazirligi bayonot berib, Turkiya tomoni hech qanday raketa yoki o‘q-dori uchirilmaganini bildirgan. Biz bu masalani aniqlashtirish uchun texnik guruh tuzishni taklif qildik. Bu guruh voqeani batafsil o‘rganishi kerak. Chunki biz uchun ham bu savol tug‘diradi: qanday qilib bunday holat yuz berishi mumkin? Bizning fikrimizcha, bu voqea uchinchi tomonlar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Ularning maqsadi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va qardoshlik munosabatlariga zarar yetkazish bo‘lishi mumkin. Biz bu taklifni berganmiz, ammo uni amalda joriy qilish hali ham kutilmoqda”, degan u.

Elchi AQSH va Isroilning Eronga qilgan hujumlari haqida bahs yuritib, muzokaralar jarayoni aynan AQSH tomonidan to‘xtatilganini va shundan keyin urush boshlanganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Eron o‘zini himoya qilish, ya’ni qonuniy mudofaa huquqiga ega.

“Biz aslida bir-birimiz bilan birlikda va birodarlarcha yashab kelayotgan mintaqada edik. So‘nggi paytda yuzaga kelgan muammolar asosan Isroil tomonidan mintaqada yaratilgan tuzoqlarning oqibatidir. Umid qilamizki, yaqin orada mintaqamiz yana barqarorlikka erishadi. Bizning asosiy maqsadimiz ham tinchlik, sulh va barqarorlikdir.

Yaqinda mamlakatimiz Prezidenti mintaqa davlatlari rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Ular orasida, avvalo, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Pokiston Bosh vaziri, Ummon sultoni va Iroq Prezidenti bor edi. Shu orqali qo‘shni davlatlar bilan muvofiqlashtirish amalga oshirildi. Yaqin orada mintaqada yana tinchlik va barqarorlik bo‘lishiga umid qilamiz”, deydi Habibullohzoda.

Elchi urush teng sharoitlarda kechmayotganini, u muzokaralar davom etayotgan bir paytda qarshi tarafning hujumi bilan boshlanganini aytib, diplomatiyaga xiyonat qilinganini ma’lum qilgan.

“Biz hech kimga hujum qilganimiz yo‘q. Aksincha, ular bizga hujum qildi. Muzokaralar davom etayotgan paytda, hatto texnik bosqichga yetib kelganida ham, bizga qarshi hujum boshlandi. Bu diplomatiyaga xiyonat bo‘ldi. Bu muzokaralar aslida mintaqa davlatlari, jumladan, Turkiya tavsiyasi bilan boshlangan edi. Hatto, so‘nggi muzokaralarning boshlanishi ham Istanbulda bo‘lgan. Ammo AQSH bu muzokaralardan chiqib ketdi va diplomatik jarayonni buzdi”, degan elchi o‘z bayonotida.

Bundan tashqari, u Eron o‘zini qonuniy mudofaada himoya qilayotganini aytgan.

“Hozir biz qonuniy mudofaa holatidamiz. Mamlakatimizni himoya qilmoqdamiz. Hozir siz bilan gaplashib turgan paytimda ham mamlakatimizga hujumlar davom etmoqda. Turli miqyosdagi zarbalar berilmoqda. Shifoxonalar, infratuzilma ob’ektlari, munitsipal xizmatlar, banklar zarar ko‘rmoqda. Ko‘plab tinch aholi halok bo‘lmoqda. Biz faqat o‘zimizni himoya qilmoqdamiz”, degan Habibullohzoda.

Turkiyada Eron raketasi

Joriy yilning 4 mart kuni Turkiya osmonida Erondan uchirilgan ballistik raketa yo‘q qilingandi. Shundan so‘ng Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qo‘shnilaridan uzr so‘radi va hujumlarni to‘xtatishga va’da berdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan esa Turkiya oson provokatsiya beriladigan mamlakat emasligini aytib, Eronni keskin ogohlantirdi.  

Shunga qaramay, 9 mart kuni Eron tomonidan otilgan yana bir ballistik raketa Turkiya havo hududida urib tushirildi. Shu kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eronni xato qilishdan tiyilishga va qaysarlik qilmaslikka chaqirdi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan mazkur hodisa yuzasidan telefon orqali muloqot qildi. Unda Aroqchi Eronning raketaga aloqasi yo‘qligini aytdi. Ushbu hujumlardan so‘ng Malatyaga Turkiyada havo hududini himoya qilish maqsadida Patriot havo mudofaa tizimi joylashtirilishi aytildi

Mazkur hodisalardan so‘ng Turkiya Eron inkor qilgan raketalarning uchirilish nuqtasini aniqladi. Unga ko‘ra, joriy yilning 4 va 9 mart kunlari yo‘naltirilgan raketalar uchish masofasi taxminan 1200 kilometrga ega va har ikkala raketaning uchishi Tehron sharqidagi hududdan amalga oshirilgan.
Bugun, 13 mart kuni Turkiyaning Adana shahridagi Injirlik harbiy-havo bazasi tomon yo‘naltirilgan va Eronga tegishli ekani da’vo qilingan uchinchi raketa mudofaa tizimlari tomonidan havoda yo‘q qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya raketa Eron elchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing