Shavkat Mirziyoyev Farg‘onadagi IT-park bilan tanishdi

Jamiyat

image

Bugun, 28 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi IT-park majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur majmua davlat rahbarining 2024 yil avgust oyidagi tashrifi davomida berilgan topshirig‘i asosida barpo etilgan. 150 milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobiga qurilgan ob’ekt bir vaqtning o‘zida 200 nafargacha foydalanuvchini qamrab oladi. Yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni o‘qitish, ularni amaliy loyihalarga jalb etish va AT xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

Markazda frilanserlar va dasturchilar uchun zamonaviy kovorking muhiti, rezident kompaniyalar uchun to‘liq jihozlangan ofislar tashkil etilgan. Bu yerda ta’lim, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari o‘zaro bog‘langan holda yo‘lga qo‘yilgan. Yaratilgan infratuzilma yoshlarning o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirib, barqaror daromad topishiga xizmat qiladi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida AT xizmatlari hajmi 4 barobarga o‘sib, eksport 23 million dollardan oshgan. Hozirgi kunda viloyatda “IT-Park” rezidentlari soni 139 taga yetgan. 2025 yilda 22,7 million dollarlik axborot texnologiyalari xizmatlari eksport qilingan.

Yangi park doirasida rezidentlar sonini 200 nafarga yetkazish, 700 ta yangi ish o‘rni yaratish, xizmatlar hajmini oshirish hamda 30 million dollarlik eksportga erishish maqsad qilingan.

Kelgusida mazkur majmuada sun’iy intellekt texnologiyalari xabini tashkil etish, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sun’iy intellekt, dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi va ingliz tili bo‘yicha zamonaviy o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Startaplar uchun venchur moliyalashtirish, grantlar va akseleratsiya dasturlari joriy etiladi.

Prezident park rezidentlari va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan muloqot qilgan. Ular tomonidan ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar qo‘llab-quvvatlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida barpo etilgan madaniyat hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari bilan tanishib, uning ochilish marosimida ishtirok etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Farg'ona IT-park

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing