Farg‘onada organ xodimlari futbol muxlislarini kaltakladi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida futbol muxlislari huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan kaltaklangani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, kecha, 22 noyabr kuni Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tgan “Neftchi” va “Qizilqum” jamoalari o‘rtasidagi futbol o‘yini boshlanishidan oldin stadionning 2-son nazorat o‘tish joyida fuqarolar tartib bilan hududiga kiritilayotgan vaqtda bir nechta chiptasiz shaxslar stadionga noqonuniy kirishga urinib, temir to‘siqlarni olib tashlab, xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikka harakat qilgan.

“Jamoat tartibini saqlashga jalb etilgan xodimlarning tezkor va qat’iy choralari natijasida tartibbuzarlarning harakatiga chek qo‘yilgan. Hozirda mazkur tartibsizlikni uyushtirishda gumonlangan barcha fuqarolarning shaxsi aniqlangan bo‘lib, ularning harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida surushtiruv harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi IIB munosabatida.

Videoda huquqni muhofaza qilish organlarining niqobli xodimlari tayoq (dubinka) bilan fuqarolarni urganini ko‘rish mumkin. Bunga javoban ular organ xodimlariga qarata qo‘llaridagi narsalarni uloqtirgan.

Futbol o‘yinida Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi 2025 yilgi O‘zbekiston Superligasi mavsumida chempionlikni muddatidan avval qo‘lga kiritdi. Vitaliy Levchenko boshchiligidagi jamoa musobaqa yakuniga bir tur qolganda “Qizilqum” ustidan qozonilgan g‘alaba evaziga 24 yillik tanaffusdan so‘ng mamlakat chempioniga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida Ahmad ismli IIB xodimi jurnalistga aybini tan olishini talab qilib, Samarqand tuman sudida kuch ishlatgan va uni haqorat qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona viloyati Qizilqum IIB Neftchi futbol o'yini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing