Fransiya Jahon chempionati chipta narxlaridan noroziligini bildirdi
Sport
−
15 dekabr 1528 2 daqiqa
Fransiya futbol muxlislari uyushmalari FIFA tomonidan 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlari uchun belgilangan chipta narxlaridan keskin norozilik bildirmoqda. Bu haqda “franceguyane” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiya terma jamoasining Senegalga qarshi ilk uchrashuvi uchun eng arzon chiptalar qariyb 200 yevro, final uchrashuvi uchun esa 3600 yevrogacha baholanmoqda.
Ko‘plab muxlislar bunday narxlar ularni futbol bayramidan chetlashtirayotganini va FIFA tomonidan joriy etilgan yangi narxlash tizimi “futbolning o‘limi” ekanini ta’kidlashmoqda.
“Les Baroudeurs” muxlislari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Mehdi Salem vaziyatni 2018 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati bilan taqqosladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha turnirda final o‘yini chiptalari taxminan 500 yevro, 2022 yilda Qatarda esa 600 yevro atrofida bo‘lgan. Endilikda esa ushbu narxning 3600 yevroga chiqishi mutlaqo asossiz, deya baholanmoqda.
Shuningdek, u yosh muxlislarning Jahon chempionati muhitini his qilish imkonidan mahrum bo‘layotganidan afsus bildirdi:
“2018 yilda boshdan kechirgan his-tuyg‘ularimiz atrofimizdagi odamlarning ko‘z yoshlari, yomg‘ir ostida chempionlikni nishonlash bular unutilmas lahzalar edi. Bu mening orzuyim edi va men uni ro‘yobga chiqardim. Endi esa assotsiatsiyamizdagi 19-20 yoshli yigitlar bunday imkoniyatdan mahrum bo‘layotgani juda achinarli”, deydi Mehdi Salem.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa futbol muxlislari assotsiatsiyasi (EFSA) FIFA tomonidan 2026 yilgi Jahon chempionati uchun belgilangan yuqori chipta narxlaridan norozilik bildirgan edi.
Live
Barchasi