G7 mamlakatlari sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha 5 ta tamoyilga kelishib oldi
Olam
−
30 aprel 2023 4560 2 daqiqa
G7 mamlakatlari sun’iy intellekt qo‘llanilishining o‘sishi fonida bunday texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanishning besh tamoyilini kelishib oldi. Bu haqda bugun, 30 aprel kuni Yaponiyaning Takasaki shahrida bo‘lib o‘tgan G7 mamlakatlarining raqamlashtirish va texnologiya idoralari rahbarlarining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda aytildi.
Hujjatda aytilishicha, sun’iy intellektdan foydalanishda qonun ustuvorligi, qonuniy tartib-qoidalarga rioya qilish, innovatsiya imkoniyatlaridan foydalanish, demokratiya va inson huquqlariga rioya qilish talab qilinadi.
“Biz demokratik qadriyatlarga putur yetkazuvchi, so‘z erkinligini bo‘g‘uvchi va inson huquqlariga tahdid soluvchi sun’iy intellektning suiiste’mol qilinishiga qarshimiz”, deyiladi vazirlar bayonotida.
Yig‘ilish kun tartibiga sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq masalalarni kiritish to‘g‘risidagi qaror ular asosidagi bunday texnologiyalar va xizmatlar, masalan, ChatGPT chat-botining ommaviyligi ortib borayotgani bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan G7 davlatlari tarafkashlik va noto‘g‘ri ma’lumotlar, mualliflik huquqining buzilishi hamda sun’iy intellektdan zararli maqsadlarda foydalanishning tarqalishini oldini olish yo‘llarini o‘rganmoqda.
Ma’lumot uchun, Amerikaning OpenAI kompaniyasining ChatGPT chat-boti 2022 yil oxirida ishga tushirildi. Xizmat foydalanuvchi bilan muloqot rejimida ishlaydi. Chat-bot qo‘shimcha savollarga javob berishi, xatolarini tan olishi, noto‘g‘ri buyruqlarga e’tiroz bildirishi va nomaqbul so‘rovlarni rad etishi mumkin. Xizmat imkoniyatlari jamoatchilik e’tiborini tortdi. Yangilik turli mamlakatlardagi talabalar tomonidan imtihon topshirish va ilmiy maqolalar tayyorlash uchun ishlatilganidan keyin tanqid qilindi.
Live
Barchasi