G‘arb Falastinni tan oladimi?

Tahlil

Sentyabrning ilk haftasi ham o‘tib boryapti. Bu oyda bizni muhim yangiliklar kutmoqda. Har holda kimlardan qo‘yilgan dedlaynning tugashi, yana kimlarningdir va’dasi bajarilishi anan shu oyda amalga oshishi kerak. Gap Falastin va uni tan olish haqida ketmoqda.

Yevropaning katta davlatlari yaqin haftalarda, aniqrog‘i Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida mustaqil Falastin davlatini tan olishga va’da qilgan. BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi 2025 yil 9 sentyabrda ochiladi. Yuqori darajadagi umumiy munozaralar 23-27 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi va 2025 yil 29 sentyabrda yakunlanadi.

Xo‘sh, va’dalar bajarilib, ushbu yirik tadbirda Falastin davlat sifatida tan olinsa, bu Falastin xalqi va Isroil uchun nima degani? Keling, bugun shu mavzuni chuqurroq ko‘rib chiqamiz.

Falastin davlatchiligining hozirgi maqomi

Falastin Ozodlik Tashkiloti 1988 yilda mustaqil Falastin davlatini e’lon qilgan, ko‘plab Global Janub davlatlari tez orada uni tan olgan. Bugungi kunda BMTning 193 a’zosidan 147 tasi Falastin davlatini tan olgan, eng so‘nggisi — Meksika, 2025 yil yanvar oyida.

Isroilning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan AQSH esa an’anaviy ravishda Falastin davlatini tan olish niyati borligini bildirgan, lekin bu faqat Isroil va falastinliklar orasidagi o‘zaro kelishilgan “ikki davlatli yechim” doirasida bo‘lishi kerakligini ta’kidlab kelgan. Shu vaqtgacha Yevropaning yetakchi davlatlari ham shu pozitsiyada edi. Biroq Isroil va Falastin 2014 yildan beri bunday muzokaralar o‘tkazmagan.

Falastinni rasman ifodalovchi delegatsiya BMTda doimiy kuzatuvchi maqomiga ega, lekin ovoz berish huquqi yo‘q. Qancha davlat Falastinni tan olmasin, BMTda to‘liq a’zo bo‘lishi uchun Xavfsizlik Kengashining ma’qullovi kerak bo‘ladi, bu yerda esa Vashingtonning veto huquqi bor.

Dunyo bo‘ylab Falastinning diplomatik vakolatxonalari, shu jumladan, BMTdagi missiyasi ham, xalqaro hamjamiyat tan olgan Falastin Ma’muriyati nazoratida. Prezident Mahmud Abbos rahbarligidagi Falastin Ma’muriyati Isroil bilan tuzilgan kelishuvlar asosida bosib olingan G‘arbiy sohilning ayrim hududlarida cheklangan o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega. U falastin pasportlarini berib, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini boshqaradi. G‘azo sektori esa 2007 yildan beri HAMAS qo‘lida, u yerda Abbosning “Fath” harakati haydalgan. 

Kimlar Falastinni tan olishni va’da qilmoqda va nega?

Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Avstraliya va Belgiya shu oy oxiridagi BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini tan olishini aytdi. Biroq London bu qarorni Isroil G‘azo gumanitar inqirozini yengillatish va tinchlik jarayoniga sodiq qolishiga qarab kechiktirishi mumkinligini bildirdi.

Mazkur davlatlar bu qadam bilan Isroilga bosim o‘tkazishni, G‘azoga hujumni to‘xtatishni, G‘arbiy sohilda yahudiylar qo‘rg‘onlari qurilishini cheklashni va falastinliklar bilan tinchlik jarayonini qayta yo‘lga qo‘yishni maqsad qilmoqda.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tan olish tashabbusini ilgari surgan ilk G‘arb rahbari bo‘ldi. Uning aytishicha, bu qadam Falastin Ma’muriyati tomonidan islohotlar o‘tkazish va ularning boshqaruvini mustahkamlash bilan hamohang bo‘ladi, bu esa G‘azoning urushdan keyingi boshqaruvida Falastin Ma’muriyatini ishonchliroq hamkorga aylantiradi.

Tan olish amalda nima berdi?

Falastinni tan olgan, lekin urushda katta ta’sir kuchiga ega bo‘lmagan Xitoy, Hindiston, Rossiya va ko‘plab arab davlatlar misolida ayrimlar buni asosan ramziy qadam deb hisoblaydi. BMTda to‘liq a’zolik yoki chegaralarni nazorat qilish imkoniyatisiz Falastin Ma’muriyatining ikki tomonlama munosabatlardagi imkoniyatlari cheklangan. Falastin hududida rasmiy elchixonalar yo‘q, mamlakatlar erkin diplomat yuborolmaydi. Isroil savdo, sarmoya, ta’lim va madaniy aloqalarga kirishni cheklaydi. Falastinda aeroportlar yo‘q. G‘arbiy sohilga faqat Isroil yoki Isroil nazoratidagi Iordaniya chegarasi orqali kirish mumkin. G‘azoga kirish ham to‘liq Isroil nazoratida.

Shunga qaramay, Falastin Ma’muriyati va tan olishni rejalashtirayotgan davlatlar bu faqat ramziy emas, balki amaliy ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidlaydi. Falastinning Britaniyadagi elchisi Husam Zomlotning aytishicha, tan olish strategik hamkorlikka olib kelishi mumkin:

“Biz teng darajada turamiz.

O‘tmishdagi xatolarga yechim topish uchun har qanday yo‘ldan foydalanamiz”, deydi u.

Buyuk Britaniyaning Quddusdagi sobiq konsuli Vinsent Feanning aytishicha, Falastinni tan olish mamlakatlarni Isroil bilan munosabatlarining ba’zi jihatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilishi mumkin. Masalan, Britaniya ishg‘ol qilingan hududlardagi isroilliklarning manzilgohlaridan borayotgan mahsulotlarni taqiqlashi mumkin. Ammo u shuni ham ta’kidladiki, bu mahsulotlar Isroil iqtisodiyotining umumiy hajmida katta ahamiyatga ega emas, shunga ko‘ra, bunday qadam ham ramziy ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Isroil va AQSH qanday reaksiya qildi?

G‘azodagi qatliom tufayli global tanqidlarga duch kelayotgan Isroil tabiiyki Falastinni tan olish tashabbuslariga qattiq qarshilik bildirdi. Uning aytishicha, bu HAMASni rag‘batlantirar ekan.

O‘n yillar davomida Isroil Falastin mustaqilligi bilan yakunlanadigan tinchlik jarayoniga rasman sodiq bo‘lib kelgan bo‘lsa, hozir Isroil o‘z tarixidagi eng o‘ngchi hukumat tomonidan boshqarilmoqda. Unga kirgan ayrim partiyalar Falastin hech qachon davlatga ega bo‘lmasligi uchun harakat qilishini ochiq aytmoqda. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu Isroil ham hech qachon G‘azo va G‘arbiy sohilda xavfsizlik nazoratidan voz kechmasligini ta’kidladi.

Yetmaganiga, Isroil Falastin davlatini tan olishga tayyorlanayotgan bir qator G‘arbdagi ittifoqchilariga qarshi diplomatik hujumlar seriyasini boshladi. Netanyaxu Fransiya va Avstraliya rahbarlariga maktub yo‘lladi, ularni Falastin davlatini tan olish qarori bilan antisemitizmni kuchaytirganlikda aybladi. Har ikki maktubda ham u so‘nggi oylarda sodir bo‘lgan antisemitik va Isroilga qarshi voqealarni tilga oldi va ularni hukumatlarning G‘azo urushi va Falastin davlatchiligi masalasidagi pozitsiyalari bilan bog‘ladi.

Maktubga Yelisey saroyi keskin javob qaytardi. Fransuz Prezidenti ma’muriyatining ta’kidlashicha, Makron maktub haqida dastlab ommaviy axborot vositalari orqali xabar topgan, faqat shundan keyin uni rasmiy diplomatik kanallar orqali olgan.

Yelisey saroyi bayonotida shunday deyildi: “Fransiya yahudiy diniga e’tiqod qiluvchi fuqarolarini himoya qilgan va doim himoya qiladi. Hozirgi davr jiddiylik va mas’uliyat talab etadi, chalg‘itish va manipulyatsiya emas”.

Bunday kelishmovchiliklar Netanyaxu bilan uning G‘arbdagi ittifoqchilari o‘rtasida tobora chuqurlashib borayotgan ajralib chiqishning belgisi bo‘ldi — ularning ko‘pchiligi Isroilning G‘azodagi urushiga tobora tanqidiy munosabat bildirmoqda. Bu urush butun hududni vayron qildi va gumanitar inqirozni yanada og‘irlashtirdi. O‘tgan hafta Yangi Zelandiya Bosh vaziri Kristofer Lakson Netanyaxu haqida gapirar ekan: “U aqldan ozgan”, dedi. Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen esa “Jyllands-Posten” gazetasiga: “Netanyaxuning o‘zi alohida muammoga aylangan”ini bildirdi.

Netanyaxu Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albanezeni ham qattiq tanqid qildi va uni “kuchsiz siyosatchi” deb atadi.  Ha, o‘sha “kuchsiz” shaxs boshchiligidagi hukumat iyun oyida Isroilning o‘ngchi vazirlari Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvirga sanksiyalar joriy qilgan edi. Keyinchalik Avstraliya Ichki ishlar vaziri Toni Byork Isroilning yana bir o‘ngchi siyosatchisi Simxa Rotmanga mamlakatga kirish vizasini rad etdi. Bunga javoban esa Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Falastin Ma’muriyatidagi Avstraliya vakillarining yashash vizalarini bekor qildi va Kanberradagi Isroil elchixonasiga Avstraliyaning har bir rasmiy viza so‘rovini sinchkovlik bilan tekshirishni buyurdi.

Netanyaxu tomonidan “kuchsiz” ayblovi qo‘yilgan Albaneze vaziyatga izoh berar ekan,  ayblovlarni shaxsiy qabul qilmasligini, boshqa davlat rahbarlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi va ular bilan diplomatik tilda muloqot qilishini” aytdi. Avstraliya Ichki ishlar vaziri Byork esa Netanyaxuga: “Kuch degani qancha odamni portlatish yoki qancha bolani och qoldirish bilan o‘lchanmasligi”ni eslatdi.

G‘arb davlatlarining Falastin davlatini tan olishiga qarshi javob sifatida Isroil G‘arbiy sohilning ayrim qismlarini anneksiya qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.  Isroil rasmiylari aytishicha, Netanyaxu G‘arbiy sohilning ayrim qismlarini anneksiya qilish haqida dastlabki muhokama o‘tkazgan, ammo xavfsizlik kabineti masalani hali batafsil ko‘rib chiqmagan va hech qanday qaror qabul qilinmagan.

Isroil G‘arbiy sohilni 1967 yilgi urushda Iordaniyadan tortib olgan va shu vaqtdan keyin xalqaro huquqqa zid ravishda u yerda yahudiy manzilgohlari barpo eta boshlagan. Falastinliklar esa G‘arbiy sohil, Sharqiy Quddus va G‘azo sektorida kelgusida o‘z davlatini qurishni xohlaydi. Buni xalqaro hamjamiyatning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlaydi.

Isroil amaldorlari ma’lum qilishicha, Netanyaxu turli ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda: faqat ayrim qishloqlarni anneksiya qilishdan tortib, butun G‘arbiy sohilning 60% ni tashkil qiladigan “S zonasi”ni anneksiya qilishgacha.

1990 yillardagi Oslo kelishuvlari asosida G‘arbiy sohil uch qismga — A, B va Cga bo‘lingan. “S zonasi” to‘liq Isroilning ma’muriy va xavfsizlik nazorati ostida.

Isroilning Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar o‘tgan haftada AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvda anneksiya rejalari haqida axborot bergani aytildi. Ammo boshqa manbalarga ko‘ra, bu rejalarga Vashington hali “yashil chiroq” yoqmagan.

Asosiy variantlardan biri — Iordaniya vodiysini anneksiya qilish. Bu G‘arbiy sohilning sharqiy cheti bo‘lib, Iordan daryosini qamrab oladi. Ayni g‘oya Isroil jamoatchiligida keng qo‘llab-quvvatlanmoqda, chunki uni “xavfsizlik perimetri” sifatida ko‘rsatish xalqaro hamjamiyat va eng muhimi, Vashington uchun maqbulroq ko‘rinadi.

Biroq Netanyaxuning o‘ta o‘ngchi hamkorlari — Smotrich, Itamar Ben Gvir va manzilgohlar yetakchilari — qisman anneksiyaga qarshi. Ular butun G‘arbiy sohildagi, falastinliklar yashamaydigan yerlarni Isroil suverenitetiga qo‘shish tarafdori. Bu esa Falastin shahar va qishloqlarni qurshab olib, mustaqil Falastin davlatini yo‘qqa chiqaradi.

Agar Isroil falastinliklar yashaydigan hududlarni ham o‘z hududi sifatida qo‘shsa, unga bu 3 millionga yaqin falastinlikka fuqarolik yoki rezidentlik berish majburiyatini yuklashi mumkin.

Har qanday anneksiya esa BMT Xavfsizlik Kengashining bir necha rezolyutsiyalarini buzadi va katta diplomatik inqirozga olib keladi. 2016 yildagi 2334-sonli rezolyutsiya yahudiy qishloqlarini “ochiqdan-ochiq xalqaro huquq buzilishi” va “hech qanday huquqiy kuchga ega emas” deb e’lon qilgan.

Bir isroillik amaldorga ko‘ra, Netanyaxu bosqichli anneksiya variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Masalan, dastlab ayrim hududlardan boshlab, keyinroq kengaytirish. Bu esa Isroilga Saudiya bilan normalizatsiya evaziga to‘liq anneksiyadan qaytish imkonini berishi mumkin.

2020 yilda ham Isroil G‘arbiy sohilni anneksiya qilishni jiddiy o‘ylab ko‘rgan, ammo o‘shanda Ibrohim kelishuvlari doirasida bu rejadan voz kechgan. O‘shanda Isroil BAA, Bahrayn va Marokash bilan munosabatlarni normallashtirgan. Saudiya Arabistoni esa normalizatsiyaga faqat Isroil Falastin davlatchiligi yo‘lida aniq qadam tashlagandagina rozi bo‘lishini bildirgan.

Anneksiyadan tashqari, Isroil Falastin davlatchiligini tan olish jarayoniga javob sifatida boshqa jazo choralarini ham ko‘rib chiqmoqda. Masalan, Falastin ma’muriyatiga sanksiyalar joriy etish.

Bu borada unga AQSH ham qo‘shildi. Vashington Falastin ma’muriyati amaldorlariga viza bermaslikka qaror qildi. AQSHning viza rad javobi Isroil bilan kelishilgan holda va Falastin rahbari Mahmud Abbosning Nyu-Yorkka BMT Bosh Assambleyasiga borishiga to‘sqinlik qilish maqsadida qilingan.

Prezident Donald Tramp davrida Vashington Isroilga deyarli so‘zsiz qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatmoqda. Ammo hatto uning eng yaqin ittifoqchilari ham Netanyaxu hukumatining G‘azodagi urushdagi xatti-harakatlari yuzasidan xavotir bildirmoqda.

Shu bilan birga, Trampning o‘zi ham shunday dedi:

“Isroil piar urushini boy bermoqda. Ular urushni tugatishlari kerak. Urush Isroilga zarar yetkazmoqda. Ular frontda g‘olib bo‘lishi mumkin, ammo jamoatchilik oldidagi urushda yo‘q. Bu ularga qattiq ta’sir qilyapti.”


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Frantsiya Evropa Buyuk Britaniya Donal'd Tramp Quddus Avstraliya BMT Yangi Zelandiya Emmanuel' Makron Falastin Isroil Kanada Bel'giya Mahmud Abbos Iordaniya Vashington HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu Daniya Gazo Kristofer Lakson

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing