G‘azo Isroil hujumidan qancha zarar ko‘rgani aytildi
Olam
−
09 Oktabr 8662 2 daqiqa
So‘nggi ikki yil ichida Isroilning G‘azo sektorida olib borayotgan harbiy amaliyotlari oqibatida 70 milliard dollar miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Bu haqda G‘azo hukumati matbuot xizmatiga tayanib, “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Rasmiylarga ko‘ra, G‘azoning 365 kvadrat kilometr maydonining 80 foizidan ortig‘i Isroil tomonidan egallab olingan va doimiy hujumlar ostida qolmoqda. Shu vaqt ichida G‘azo infratuzilmasining 90 foizi vayron qilingan.
Ikki yillik urush davomida minglab falastinliklar majburan yashab turgan joylaridan ko‘chirilgan, ularning aksariyati hozirda 73 kvadrat kilometr maydonda yashashga majbur bo‘lmoqda. BMT bu sharoitlarni insonparvarlik tamoyillariga zid deb baholamoqda.
Isroilning tinimsiz hujumlari G‘azodagi tibbiyot tizimiga juda katta zarar yetkazib, uni izdan chiqarib yuborgan. Hudud Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 1 701 nafar tibbiyot xodimi halok bo‘lgan.
Xususan, halok bo‘lganlar orasida 157 nafar shifokor, 366 nafar hamshira, 103 nafar farmatsevt, 254 nafar tibbiy yordamchi va 611 nafar boshqa tibbiyot xodimlari bor.
Bundan tashqari, 362 nafar tibbiyot xodimi Isroil tomonidan hibsga olingan yoki bedarak yo‘qolgan. Hibsdagilar orasida 88 nafar shifokor va 132 nafar hamshira bor. G‘azo hukumati vakillarining aytishicha, bu holat nafaqat tibbiyot tizimini izdan chiqargan, balki minglab bemor va yaradorlarga yordam ko‘rsatishni deyarli imkonsiz qilib qo‘ygan. Dori-darmon tanqisligi, tibbiy uskunalarning yo‘qligi va shifoxonalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumlar G‘azodagi sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq ishdan chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Bu bosqich o‘t ochishni to‘xtatish, garovdagilarni ozod qilish va Isroil qo‘shinlarini qisman olib chiqishni nazarda tutadi.
Live
Barchasi