DNK tuzilishini kashf etgan olim vafot etdi
Olam
−
08 noyabr 7335 1 daqiqa
Amerikalik biolog, fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati, DNK tuzilishini kashf etganlardan biri Jeyms Uotson 97 yoshida vafot etdi. Bu haqda “The New York Times” uning oilasiga tayanib xabar berdi.
Nashrning qayd etishicha, Uotson Nyu-Yorkdagi hospisda vafot etgan; o‘g‘li vafot etganini e’lon qildi.
Jeyms Uotson britaniyalik biofizik Frensis Krik bilan birgalikda birinchi marta 1953 yilda DNKning molekulyar tuzilishini ochib berdi va u XX asrning eng muhim kashfiyotlaridan biriga aylandi. Ushbu kashfiyot uchun olimlar 1962 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
1990 yilda Uotson Qo‘shma Shtatlardagi Milliy Sog‘liqni saqlash institutida inson DNKsini to‘liq xaritalashga qaratilgan keng ko‘lamli Inson genomi loyihasini boshqargan. 1994 yilda olim molekulyar biologiya sohasidagi ulkan yutuqlari uchun Rossiya Fanlar akademiyasining Lomonosov nomidagi Katta oltin medalini ham oldi.
2019 yilda Jeyms Uotson intellektual qobiliyatdagi irqiy tafovutlar “irsiy omillar” bilan bog‘liq degan da’volaridan so‘ng barcha faxriy unvonlaridan mahrum qilingan edi. U ilgari rahbarlik qilgan Cold Spring Harbor laboratoriyasi rahbariyati bu da’volarni ilmiy va asossiz deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq taniqli kinorejissyor, teleradio boshlovchi va propagandachi Tigran Keosayan 59 yoshida vafot etgandi.