Gonkong tarixidagi eng halokatli yong‘in. Fojia haqida nimalar ma’lum? (fotoreportaj)

Olam

image

Gonkongda sodir bo‘lgan yirik yong‘inda 55 kishi halok bo‘ldi. Yana 45 nafar jarohatlangan shaxs og‘ir ahvolda. Taypo tumanidagi turarjoy majmuasida sodir bo‘lgan yong‘indan keyin 279 nafar aholi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Olov bir vaqtning o‘zida bir nechta baland binolarni qamrab olgan.

Gonkongdagi bu yong‘in shahar tarixidagi turarjoy binosida sodir bo‘lgan eng halokatli yong‘in bo‘ldi. Quyida nimalar sodir bo‘lgani haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Yong‘in kecha, 26 noyabr kuni taxminan 4 ming aholi yashaydigan Taypo majmuasi binolaridan birida boshlangan. Dastlab yong‘in birinchi toifa deb baholangan, biroq mahalliy vaqt bilan 15:34 da xavf darajasi to‘rtinchi darajaga, 18:22 da esa eng yuqori – beshinchi darajaga ko‘tarilgan. Gonkongda so‘nggi marta beshinchi darajali yong‘in 2008 yilda, tungi klubdagi yong‘inda qayd etilgan. O‘shanda 4 kishi halok bo‘lgan, 55 kishi jarohat olgan.

Majmuada keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari olib borilgan. Tarqatilgan kadrlarda olov avval bambukdan qurilgan qurilish to‘sinlarini qamrab olgani ko‘rinadi. Yongan yashil qurilish setkalarining bo‘laklari yerga tushib, yong‘inning tarqalishini tezlashtirgan. To‘sinlar bo‘ylab olov binolar fasadlari bo‘ylab tez ko‘tarilgan. Aholining bir qismi binolarning ichida qolib ketgan. O‘t o‘chiruvchilar borgan paytda olov bir necha binoni birdaniga qamrab olib ulgurgan.

Mahalliy aholining aytishicha, hukumatning reaksiyasi sust bo‘lgan. Ular kompleks yaqinida yong‘in stansiyasi joylashganini, biroq o‘t o‘chiruvchilar juda kech yetib kelganini aytgan. Shuningdek, yong‘inni o‘chirishda suv tashuvchi vertolyotlar qo‘llanmaganini tanqid qilmoqda.

“Bu yerda to‘liq tartibsizlik. Hukumatdan hech qanday ko‘rsatma yo‘q”, deydi guvohlardan biri.

26 noyabr kuni kechqurun rasmiylar 36 kishining halok bo‘lganini tasdiqlagan. 27 noyabrga o‘tar kechasi qurbonlar soni 44 taga yetgan, ertalab esa 55 nafar deb ma’lum qilingan. Kompleksning 279 nafar aholisi hali ham bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Shahar rahbari Li 21:30 ga kelib 900 ga yaqin aholi vaqtinchalik boshpanalarga evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan. Yong‘in yetti blokdan to‘rttasida jilovlangan, qolgan uchtasida qutqaruvchilar ishni davom ettirmoqda. Qidiruv ishlari quyi qavatlardan boshlangan va 13-23-qavatlarga qarab davom ettirilmoqda. Kutilishicha, o‘t o‘chiruvchilar kechga borib yuqori qavatlarga ham chiqadi. Hodisa joyida 26 ta qutqaruv guruhi ishlamoqda. O‘t o‘chiruvchilar nafaqat odamlarni, balki mushuk va it kabi uy hayvonlarini ham olib chiqqan.

“South China Morning Post” xabariga ko‘ra, Gonkong sug‘urta bozorini 334 million dollar miqdoridagi rekord da’volar kutmoqda. Mutaxassislarning fikricha, yong‘in kelasi yilda shaxsiy va mol-mulk sug‘urtalari bo‘yicha to‘lovlar keskin oshishiga olib keladi.

Bugun, 27 noyabr ertalabga kelib zararlangan binolarning barcha qavatlaridan hali ham tutun chiqayotgani, havoda kuygan plastik hidini sezish mumkinligi aytilmoqda. Vaqti-vaqti bilan fasad bo‘laklari qulab tushmoqda. Kamida to‘rtta baland avtomatik narvonlar yong‘in o‘chirishda ishlatilmoqda.

Mutaxassislar harorat 550-600 darajagacha yetayotgani tufayli binolarning konstruktiv yaxlitligi zarar ko‘rishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Politexnika universiteti dotsenti Xo Ving-ipning aytishicha, issiqlik tufayli beton devorlardagi armaturalar zaiflashgan bo‘lishi mumkin. Uning fikricha, uzoq vaqt yonib turgan binolarni ta’mirlashdan ko‘ra ularni buzib, yangisini qurish maqsadga muvofiqroq bo‘ladi.

Hodisa vaqtida majmuada keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Yong‘in bambukdan yasalgan qurilish to‘sinlari bo‘ylab juda tez tarqalgan, ammo yong‘inning aniq sababi hali aniqlanmagan. Aholi yarim yil davomida ishchilar ish vaqtida chekishgani haqida shikoyat qilib kelgan.

Xavfsizlik vaziri Kris Tangning aytishicha, dastlabki tekshiruv natijalari jiddiy savollar tug‘dirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, olov haddan tashqari tez tarqalgan va vaziyatni oynalarni mahkamlash uchun ishlatilgan penoplast yanada og‘irlashtirgan.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Gonkong Fojia

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing