“Grenlandiya o‘z xalqiga tegishli”. YeI yetakchilari Daniyani qo‘llab-quvvatladi
Olam
−
07 yanvar 4112 3 daqiqa
Kecha, 6 yanvar kuni Yevropaning eng yirik davlatlari rahbarlari AQSH Prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani bosib olish haqidagi navbatdagi bayonotlaridan so‘ng, Daniya va Grenlandiya tomonida ekanini e’lon qildi. Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Daniya yetakchilari bu haqda qo‘shma bayonot berdi.
“Grenlandiya uning xalqiga tegishli. Daniya va Grenlandiya o‘rtasidagi munosabatlarga oid qarorlarni faqat shu ikki tomon qabul qilishi mumkin”, deyiladi ushbu bayonotda.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk ham ushbu pozitsiyada qolishini bildirgan.
“NATO a’zolaridan biri boshqasiga hujum qilmasligi va tahdid solmasligi kerak. Aks holda, alyans ichida mojarolar yuzaga kelsa, NATO o‘z ma’nosini yo‘qotadi”, degan Tusk.
Niderlandiya Bosh vaziri Dik Sxof ham mamlakati bu bayonotni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Qayd etish joiz, 4 yanvar kuni Donald Tramp Grenlandiyani AQSH tarkibiga qo‘shib olish taklifini yana bir bor tilga olib, jurnalistlarga bu orol “milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan AQSHga zarur” ekanini aytgandi. U Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish uchun kuch ishlatish ehtimolini ham inkor etmadi. Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen esa 5 yanvar kuni AQSHning bunday harakati NATOning barham topishiga olib kelishidan ogohlantirdi.
Grenlandiya masalasi AQSHning Venesueladagi harbiy amaliyotidan keyin yana keskinlashdi. Operatsiya davomida AQSH maxsus bo‘linmalari Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olib, uni Nyu-Yorkka olib ketgan. U yerda Maduroga “narkoterrorizm, qurol saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi” bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Shu operatsiyadan keyin Trampning yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan Stiven Millerning rafiqasi Keti Miller ijtimoiy tarmoqlarda Grenlandiya xaritasini AQSH bayrog‘i ranglarida joylab, uning ustiga “Tez orada” degan yozuvni qoldirgan.
5 yanvar kuni Stiven Miller AQSH hukumatining rasmiy pozitsiyasini ochiq aytgan.
“AQSH hukumati Grenlandiya AQSHning bir qismi bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi”, degan Miller.
Bunga javoban Yevropa davlatlari Arktika xavfsizligi NATO ittifoqchilari, jumladan AQSH bilan hamkorlikda ta’minlanishi kerakligini ta’kidlagan.
“NATO Arktika mintaqasini ustuvor hudud deb e’lon qilgan. Yevropalik ittifoqchilar u yerda o‘z ishtiroki, faoliyati va sarmoyalarini oshirib, xavfsizlikni ta’minlash va raqiblarni jilovlashga harakat qilmoqda”, deyiladi bayonotda.
Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen Yevropa yetakchilarining birdamligini olqishlab, AQSHni o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotga chaqirgan.
Trampning ta’kidlashicha, Grenlandiyani AQSH tarkibiga qo‘shish Amerika xavfsizligi manfaatlariga mos keladi. Chunki, orol strategik jihatdan muhim hududda joylashgan va u yerda yuqori texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan foydali qazilmalar katta miqdorda mavjud.
Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasida joylashgan Grenlandiya AQSHning raketaga qarshi mudofaa tizimi uchun muhim ahamiyatga ega. Uning mineral boyliklari esa Vashingtonga Xitoy eksportiga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga yordam berishi mumkin.
Ma’lumot uchun, aholisi taxminan 57 ming kishini tashkil etadigan Grenlandiya 1979 yildan beri keng avtonomiyaga ega. Shunga qaramay, mudofaa va tashqi siyosat masalalari hanuz Daniya nazoratida.
So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, grenlandiyaliklarning aksariyati Daniyadan to‘liq mustaqil bo‘lish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq ular AQSH tarkibiga qo‘shilishga qat’iyan qarshi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lekke Rasmussen Donald Trampni Grenlandiyaga “qo‘l tekkizmaslikka” chaqirgandi. Uning ta’kidlashicha, AQSH tomonidan orolga qilingan har qanday hujum butun Daniya qirolligiga qilingan hujum sifatida qabul qilinadi.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral