Gulnora Karimovaning 20 mln dollarlik aktivlari nimaga sarflanishi aytildi

Jamiyat

image
Gulnora Karimovadan musodara qilingan pullar nimaga sarflanmoqda? north_east

Gulnora Karimovadan musodara qilingan pullar nimaga sarflanmoqda?

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan pullaridan 20 mln dollar ta’lim olish imkoniyatlarini yaxshilash uchun ajratiladi.  Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Ishonch” jamg‘armasining Boshqaruv qo‘mitasi joriy yilning 17 sentyabrida Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III halqaro forumida mablag‘larni qaytarish va taqsimlashning shaffof hamda qat’iy tamoyillarga asoslangan jarayoniga sodiqligini tasdiqlashi barobarida “Maktablarda iqlim o‘zgarishiga chidamlilik hamda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyenani (SSG) modellashtirish” loyihasiga 20 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratishini e’lon qilgan. Loyiha rasman joriy yilning 1 oktyabrida o‘z ishini boshlaydi.

Loyihada O‘zbekiston bo‘yicha kamida 45 ta qishloq maktabini ta’mirlash, maktablarda energiya sarfini 30 foizga va dimlangan gazlar chiqindilarini 50 foizga kamaytirish uchun xavfsiz suv, zamonaviy sanitariya, ishonchli isitish tizimlari va ekologik toza energiya bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Loyiha 31 500 nafar bola, ayniqsa, o‘smir qizlar uchun kundalik ta’lim sharoitlarini bevosita yaxshilaydi. Ular gender jihatlarni hisobga olgan holda alohida qulayliklardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa darslarni qoldirish holatlarini kamaytiradi. Qolaversa, loyiha yakunlangandan so‘ng uning natijalari barqarorligini ta’minlash maqsadida 2700 nafar maktab o‘qituvchilari va xodimlari iqlim o‘zgarishiga chidamlilik, SSG’ga gender jihatlar hisobga olingan yondashuv va jarayonlarga jamoatchilikni jalb qilish bo‘yicha o‘qitiladi.

Maktab yoshidagi bolalar soni tez o‘sib borayotgan mamlakatlar ichida O‘zbekiston dunyodagi yuqori o‘rinlarda turadi. Bu yerda 1,4 milliondan ortiq o‘quvchi suv ta’minoti bo‘lmagan yoki suv ta’minoti cheklangan maktablarga qatnaydi. Ko‘pgina maktablar, ayniqsa qishloq joylardagi maktablarda hamon eskirgan hojatxonalar va samarasiz isitish tizimlaridan foydalanilmoqda. Mazkur loyiha iqlim o‘zgarishiga chidamli, inklyuziv va gender jihatlar hisobga olingan infratuzilmani joriy etish orqali bu dolzarb muammolarga yechim topadi hamda butun mamlakat bo‘ylab ta’limga kelajakdagi investitsiyalar uchun namuna yaratadi. “Eng yaxshi maktabim” raqamli portali mahalliy hamjamiyatlar va keng jamoatchilikka byudjet, pudratchilar, qurilish muddatlari va ishlarning borishini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beradi. Shuningdek, loyiha doirasida fuqarolik jamiyati ishtirokida xaridlar va ta’mirlash jarayonlarida adolatli, korrupsiyadan xoli, ota-onalar, o‘qituvchilar hamda mahalliy jamoalar oldida hisobdorlikni ta’minlovchi Halollik pakti sinovdan o‘tkaziladi.

“Shveysariya ushbu restitutsiya mablag‘lari O‘zbekiston xalqiga bevosita foyda keltiradigan, korrupsiyadan xoli, sezilarli investitsiyalarga aylantirilayotganidan faxrlanadi. Ushbu loyiha orqali biz 31 500 bolaga yanada sog‘lom, xavfsiz va munosib muhitda ta’lim olish imkoniyatini yaratmoqdamiz – bu rivojlanishga xizmat qiluvchi restitutsiyaning haqiqiy timsolidir”, deydi Shveysariya elchisi Konstantin Obolenskiy.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulovning ta’kidlashicha, ushbu tashabbus milliy ustuvorlik maqsadlarini dastaklab, ta’lim tizimini mustahkamlaydi. Iqlim o‘zgarishiga chidamli maktablarga pul ajratish va yangi boshqaruv vositalarini joriy etish orqali kelajak avlodlar uchun ham infratuzilma, ham hisobdorlik yaratilmoqda.

Shuningdek, BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Sabine Mahlga ko‘ra, ushbu loyiha BMTning O‘zbekistondagi jamoasi mamlakatdagi bolalar va oilalar uchun restitutsiya mablag‘larini uzoq muddatli takomillashtirish jarayonlariga aylantirish bo‘yicha sobitqadamligini ko‘rsatib beradi.

“Biz toza suv, zamonaviy sanitariya va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni shaffoflik va jamoatchilik nazorati bilan uyg‘unlashtirib, nafaqat maktablarga, balki har bir bolaning ishonchi, tengligi va kelajagini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqdamiz”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston tomonidan Adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariya tomonidan Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy o‘rtasida “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim” imzolangandi. Bitim doirasida taxminan 182 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan.

Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib, 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan edi. Mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fund” Ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali qaytariladi. 

Keyinroq, Belgiyaning Bryussel prokuraturasi Musodara qilingan mol-mulkni boshqarish markaziga (COIV) Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lishi mumkin jami 108 million dollarni mamlakat davlat g‘aznasi hisob raqamiga o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma yuborgandi. Bryussel prokuraturasining talabiga binoan, sud jinoyat yo‘li bilan olingan mablag‘larni ikkala davlat o‘rtasida taqsimlash kerak degan xulosaga kelgan. Bu qaror Yevropa Ittifoqining ikki a’zo davlati o‘rtasida musodara qilingan mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha mavjud qonuniy mexanizmga o‘xshash prinsip asosida qabul qilingan. Ushbu sud qaroriga muvofiq, 108 million dollar O‘zbekistonga o‘tkazilishi belgilangan. Biroq bayonotda mazkur mablag‘larning qaysi jinoyat va kim bilan bog‘liq ekani oshkor qilinmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Ishonch jamg'armasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing