Gvardiola ispaniyaliklarni G‘azodagi genotsidga qarshi namoyishga chorladi (video)
Sport
−
04 Oktabr 6529 2 daqiqa
Bugun, 4 oktyabr kuni “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Ispaniya fuqarolarini Barselonadagi Jardinets de Graciya maydonida G‘azodagi genotsidga qarshi o‘tkaziladigan norozilik namoyishida ishtirok etishga chaqirdi. Bu haqda “About Manchester” nashri xabar berdi.
“Biz minglab bolalar allaqachon vafot etgan va yana ko‘plab bolalar vafot etishi mumkin bo‘lgan genotsidga guvoh bo‘lmoqdamiz. G‘azo sektori vayron bo‘lgan, to‘da-to‘da odamlar oziq-ovqatsiz, ichimlik suvisiz va dori-darmonsiz sarson-sargardon holatda. Faqat uyushgan fuqarolik jamiyati odamlarning hayotini saqlab qolishi va hukumatlarni bir marta va butunlay harakat qilishga majbur qilishi mumkin. 4 oktyabr kuni Jardinets de Gracia ko‘chalarini to‘ldirib, genotsidni to‘xtatishni talab qilamiz”, deya murojaat bilan chiqdi Gvardiola.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, “shaharliklar” bosh murabbiyi iyun oyida Manchester universitetining faxriy unvonini olganidan keyin G‘azodagi azob-uqubatlar haqida nutq so‘zlagan edi.
“Biz 4-5 yoshli bolalarning bombardimonlar ostida yoki ilgari shifoxona bo‘lgan joylarda halok bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Balki bu borada so‘zlash bizning vazifamiz emasdir, ammo bu davom etsa, navbatdagi o‘sha bola bizning farzandimiz bo‘lishi mumkin. Kechirasiz, lekin bu dahshatli tush boshlanganidan beri har kuni ertalab bolalarim Mariya va Valentinani ko‘rganimda, G‘azodagi chaqaloqlarni eslayman va juda qo‘rqib ketaman”, degan edi o‘shanda ispaniyalik mutaxassis.
Ma’lumot uchun, Ispaniya boshchiligidagi bir qator Yevropa terma jamoalari Isroilni 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichidan chetlatishni talab qilgan. Biroq, FIFA bunga javoban tashkilotning geosiyosiy muammolarni hal qila olmasligini ma’lum qilgan edi.
Jahongir Inomjonov
Live
Barchasi