Qirg‘iz “qahramonining” jinoyatga boy karerasi

Tahlil

image

Qirg‘izistonda boshlangan “tozalash” ishlari haqida ko‘p va xo‘p gapirgan edik. Mamlakatda Prezidentdan keyingi ikkinchi odam sifatida ko‘rilgan  Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevning kutilmaganda lavozimdan olinishi ko‘pchilikni hayron qoldirgan edi. Buni qarangki, “Davlat birligini mustahkamlash” vaji bilan bo‘shatilgan Tashiyevning   asta-sekin “quloq eshitmagan” jinoyatlari chiqib kelmoqda.

Tandemning parchalanishi

Qirg‘izistonning yangi tarixida 2020 yilgi oktyabr voqealari nafaqat hokimiyat almashinuvi, balki mamlakat boshqaruviga “siyosiy tandem” tushunchasining kirib kelishi bilan muhrlandi. Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev ittifoqi o‘tgan besh yil davomida mamlakatning ichki va tashqi qiyofasini tubdan o‘zgartirgan asosiy kuch bo‘lib xizmat qildi. 2020 yil 16 oktyabrda Prezident tomonidan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi etib tayinlangan Tashiyev tez orada mamlakatdagi eng nufuzli davlat arboblaridan biriga aylandi. Bu shunchaki yangi tayinlov emas, balki davlatni boshqarishning yangi modelini yaratish edi. Japarov “yumshoq kuch” (soft power) va strategik yo‘nalishlarini o‘z zimmasiga oldi. Tashiyev esa tizimning “temir qo‘li”ga aylanib, korrupsiyaga qarshi kurash, chegara masalalari va ichki tartibni saqlash vazifasini bajardi.

Shundan so‘ng Tashiyev qo‘lidagi imkoniyatlar ham kengayib bordi. Korrupsiyaga qarshi kurash xizmatidan tortib Bosh prokuraturagacha o‘z ta’sirini o‘tkaza olgan Tashiyevni xalq mamlakat rahbaridan ko‘ra ko‘proq tanigan. Uning qo‘l ostida jamlangan o‘nlab davlat tuzilmalari hukumatdan deyarli mustaqil bo‘lib qolgan edi. Hatto, ba’zi xalqaro ekspertlar uni keyingi prezident bo‘lishi mumkin degan prognozlar qilishgan. Bunday ortiqcha shov-shuv, vanihoyat Tashiyevning “boshini yedi”.

Joriy yilning 10 fevral sanasida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyevning lavozimidan ozod qilinishi mamlakatning o‘ziga xos siyosiy tizimiga yakun yasadi. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, “Bu qadamning asosiy maqsadi davlat birligini mustahkamlash va jamiyatda, jumladan, davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishlarning oldini olish edi”.

Biroq boshqa sabablar ham bisyor. Ko‘plab mutaxassislarning fikricha, Tashiyev o‘z ambitsiyalari qurboni bo‘lgan. Bu voqealar Qirg‘iziston prezidentiga muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish bo‘yicha murojaat fonida sodir bo‘ldi. Japarov matbuot kotibining xabar berishicha, Tashiyevning yaqin atrofidagi shaxslar go‘yoki deputatlarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni “general tomonga o‘tishga” va prezidentlikka muddatidan oldin yangi saylovlarini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga ko‘ndirishga harakat qilgan.

Eng qizig‘i, 75 kishi bu haqida Prezident va parlament raisiga rasmiy xat yuborgan. Ular orasida akademiklar, sobiq deputat va amaldorlar borligiga qaraganda, ushbu 75 talik kimgadir ishonib, Prezidentga chaqiruv tashlagan. Ayrimlar bunda Tashiyevning qo‘li borligi haqida gapirgan. Shu sababli, Japarov va uning atrofidagilar yangi huquqiy vakuum fonida Tashiyevda xavf ko‘rgan, ehtimol. Garchi Tashiyevning o‘zi bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, siyosatda potensial xavfga o‘rin yo‘q.

Tashiyevning iste’fosi ortidan tizimda jiddiy “tozalash ishlari” boshlandi. Birinchilardan bo‘lib, Tashiyevning o‘rinbosarlari lavozimidan ayrildi. Chegara xizmati Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) tarkibidan chiqarildi, shuningdek, bevosita prezidentga bo‘ysunuvchi yangi Davlat qo‘riqlash xizmati tashkil etildi. Mahalliy parlament spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li iste’foga chiqarildi. Transport prokuraturasi boshlig‘i lavozimidan Tashiyevning jiyani Nurgazi Matisakov ham olindi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarida Tashiyevning “o‘qul bola”, ya’ni asrab olingan o‘g‘li deb atalib kelingan Transport va kommunikatsiya vaziri Absattar Sirg‘aboyev ham lavozimidan ozod qilindi. Shuningdek, Iqtisodiyot va tijorat vazirligi huzuridagi Monopoliyaga qarshi kurash xizmati raisi ham almashdi. Bungacha ushbu xizmatni MXDQ sobiq raisining sinfdoshi Jenale Orozbayev boshqarib kelgan edi.
Atrofini tanish-bilish bilan to‘ldirib olgan Qamchibek Tashiyevning siyosiy karerasining bu tarzda “qulashi”, atrofdagi unga bog‘liq mansabdorlarni ham tortib ketdi.

Yangi “qilmishlar”

Bir vaqtlar Qirg‘izistonda korrupsiyaga qarshi kurash ramziga aylangan sobiq xavfsizlik boshlig‘i Qamchibek Tashiyevning o‘zi endilikda davlat pulini o‘marishda ayblanmoqda. Rasmiy ritorikada “tozalash” siyosati targ‘ib qilinayotgan bir paytda, amaliyotda davlat resurslari ustidan nazorat kim qo‘lida ekani haqidagi savollar kun tartibiga chiqdi.

“Qirg‘izneftgaz” atrofida ochilgan so‘nggi surishtiruvlar bu tizimning ichki mexanizmini ochib berdi. 2021–2025 yillar oralig‘ida davlat neft kompaniyasi kamida 4 milliard somdan (45 million dollar) ortiq zarar ko‘rgani aniqlangan. Bu oddiy iqtisodiy xatolik emas – bu tizimli sxemalar natijasi sifatida talqin qilinmoqda.

Surishtiruv uch asosiy mexanizmni ko‘rsatadi. Birinchisi – ishlab chiqarishdagi “yo‘qotishlar”ni sun’iy oshirish. Rasmiy hisobotlarda 29 ming tonna neft yo‘qotilgan deb ko‘rsatilgan, holbuki real texnologik yo‘qotishlar bundan bir necha baravar kam bo‘lishi kerak edi. Besh yil davomida “Qirg‘izneftgaz” qariyb 879 ming tonna neft qazib olgan bo‘lib, mutaxassislarining ko‘rsatmasiga ko‘ra, real yo‘qotishlar qazib olingan hajmning 1 foizidan oshmagan. Bu shuni ko‘rsatadiki, besh yillik yo‘qotishlar ko‘pi bilan 9 ming tonna bo‘lishi mumkin. Demak, taxminan 20 ming tonna xomashyo “g‘oyib bo‘lgan” va bu 560 million somlik zarar degani.

Ikkinchi sxema – vositachilar orqali daromadni “so‘rib olish”. Davlatga qarashli “Qirg‘iz neft kompaniyasi” zavodi mavjud bo‘lishiga qaramay, neft avval xususiy firmalarga sotilib, keyin ular neftni qayta ishlash uchun yana davlat zavodiga o‘z nomlaridan topshirgan. Bu jarayonda asosiy foyda aynan vositachilar qo‘lida qolgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu sxema orqali davlat kamida 3 milliard som daromaddan mahrum bo‘lgan.

Eng muhim nuqta esa uchinchi sxemada ochiladi. Ushbu tizimning yakuniy bosqichi tayyor mahsulotlarni sotishdagi tanlovli yondashuv bo‘lgan. Eng foydali mahsulotlar, xususan dizel va mazut, tor doiradagi xususiy kompaniyalar orqali sotilgan. Bu kompaniyalar orasida Tashiyevga yaqin yoki qarindoshlari bilan bog‘liq biznes sub’ektlari borligi qayd etiladi. Shundan so‘ng ushbu yoqilg‘i boshqa xaridorlarga, jumladan, xorijiy treyderlarga qayta sotilgan. Ayrim hollarda mazut yana o‘sha davlat zavodining o‘ziga qaytib kelgan. Masalan, “Region Oyl” firmasi bir necha yil ichida qariyb 466 million somlik mazut sotib olgan. Zavoddan dizel yonilg‘isini Tay-Muras Tashiyevga tegishli firma olib, keyinchalik uni Jalolobod viloyatidagi munitsipal korxonalarga sotgani bo‘yicha holatlar o‘rganilgan.

Tashiyevning qarindoshlari xaridorgir bo‘lmagan AI-80 benzini va naftani sotib olishga qiziqish bildirmagan, shu sababli zavod ularni mamlakatning yirik neft treyderlari – “Alfa Oyl” va “Partnyor Neft”ga sotishga majbur bo‘lgan.

Bu yerda masala faqat korrupsiya emas – bu davlat aktivlarining “oilaviylashtirilishi” – nepotizm haqida. Xususan, Tashiyevning qarindoshlari neftni qayta ishlash va realizatsiya tizimining turli bosqichlarida faol ishtirok etgani aytiladi. Hatto, uning jiyani Boyg‘ozi Matisoqov neftni qayta ishlovchi “Qirg‘iz Petroleum Kompani” (QPK) korxonasiga rahbarlik qilgani ham qayd etilgan.

Hozirgi vaqtda ushbu zanjirda ishtirok etgan xususiy kompaniyalarning aksariyati o‘z faoliyatini to‘xtatgan yoki izoh berishdan qochmoqda. Soliq organlari milliy byudjetga yetkazilgan zararning yakuniy ko‘lamini aniqlash uchun tekshiruvlarni davom ettirmoqda.

Tizimning inqirozli holatini “Qirg‘izneftgaz” OAJning yangi rahbari Samsali Chetimboyev tasdiqlagan.

“Agar xomashyoni o‘zimiz qayta ishlab sotganimizda, foyda ancha ko‘p bo‘lar edi. Qayta ishlashdan voz kechish – bu “Qirg‘izneftgaz” manfaatlariga mutlaqo zid bo‘lgan xatodir. Men ish boshlaganimda kompaniya hisobida bor-yo‘g‘i 1 million 200 ming som mablag‘ bor edi. Ish haqidan qarzlarni yopish uchun juda qiynaldik. 10 martdagi tayinlovimdan so‘ng zo‘rg‘a bir oylik maoshlarni to‘lay oldik”, deydi Chetimboyev.

Paradoks shundaki, aynan shu davrda Tashiyev jamoatchilikka korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borayotganini ta’kidlab kelgan. U hatto, 2026 yilga borib mamlakatda korrupsiyani deyarli yo‘q qilishni va’da qilgan edi. Ammo faktlar shuni ko‘rsatadiki, tizim ichida yangi “markazlashgan foyda oqimi” shakllangan. Korrupsionerning o‘zi poraxo‘rlikka qarshi kurashuvchi qahramon niqobida.

Yana bir muhim jihat – bu sxemalar davlat kompaniyasi foyda ko‘rgan davrga to‘g‘ri keladi. Masalan, 2023 yilda kompaniya milliardlab som foyda qilgan. Bu esa savolni yanada keskinlashtiradi: agar kompaniya foyda qilayotgan bo‘lsa, unda milliardlab yo‘qotishlar kim hisobidan yopilgan?

Shunga qaramay, bularning bari Tashiyev fenomenining obro‘sini pasaytirish, xalqning sevimli amaldorini unutishga undash yoki unga nisbatan nafrat kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan harakatlar ham bo‘lishi mumkin. Lavozimdan ketgan bo‘lsa-da, hanuz tarafdorlarga ega bo‘lgan sobiq xavfsizlik qo‘mitasi rahbarining “hokimiyat kursisi” uchun jiddiy raqib sifatida ko‘rilishi hech kimga sir emas. Ammo barcha dalillar unga qarshi ishlayotgan bir paytda bunday fikrlar o‘rinsizdek ko‘riladi.

Bu voqealar Markaziy Osiyoda keng tarqalgan modelni eslatadi: rasmiy ravishda korrupsiyaga qarshi kurash olib boriladi, ammo amalda iqtisodiy resurslar tor elita qo‘lida jamlanadi. Tashiyev misolida bu model yanada aniqroq ko‘rinadi – davlat apparati va oilaviy biznes manfaatlari o‘rtasidagi chiziq deyarli yo‘qolgan.

Xulosa qilib aytganda, “Qirg‘izneftgaz” atrofidagi mojaro oddiy iqtisodiy jinoyat emas, balki tizimli muammo – davlat kapitalining siyosiy va oilaviy manfaatlarga xizmat qila boshlaganining yorqin misolidir. Agar bu tendensiya davom etsa, Qirg‘iziston neft sektori iqtisodiy emas, balki siyosiy resursga aylanishi ehtimoli yuqori.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Japarov Tashiev Qirg'izneftgaz Tandem sxema Al'fa Oyl Partnyor Neft' Samsali Chetimboev

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing