Humans O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga da’vo kiritdi
3-sahifa
−
05 iyun 9734 2 daqiqa
O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Humans kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi – Humans Mobile Ltd O‘zbekiston Markaziy banki va “O‘zbektelekom” xatti-harakatlari ortidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritdi. Bu haqda Jahon banki huzuridagi Investitsion nizolarni hal etish xalqaro markazi (ICSID) xabar berdi.
O‘zbekiston Markaziy banki ham Humans Mobile Ltd 2025 yil 20 mayda xalqaro markazga O‘zbekistonga nisbatan arbitraj jarayonlarini boshlash uchun ariza kiritganini tasdiqladi.
“Da’vogarning arizasi xalqaro arbitraj markazi tomonidan ish yurituviga qabul qilinib hozirda arbitraj nizosini mazmunan ko‘rib chiqishga tayyorlash bosqichida ekanligi bildirilgan holda, ish jarayonlaridan kelib chiqib qo‘shimcha tafsilotlar berib borilishi ma’lum qilinadi”, deyiladi Markaziy bank xabarida.
ICSID ma’lumotiga ko‘ra, bu da’vo 30 may kuni markaz tomonidan ro‘yxatga olingan. Javobgar sifatida Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish departamenti ko‘rsatilgan.
Da’vo arizasini berishga esa O‘zbekiston va Singapur hukumatlari o‘rtasida 2003 yil 15 iyulda imzolangan va 2003 yil 23 noyabrdan kuchga kirgan Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim qoidalarining buzilishi asos bo‘lmoqda.
Gap shundaki, 2024 yil sentyabrida Markaziy bank Humans kompaniyasiga tegishli UPay brendiga ega Maroqand to‘lov tashkiloti faoliyatini 6 oyga cheklab qo‘ygan, bu esa uning bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va o‘tkazish xizmatlarini cheklagan. Oktyabr oyi oxirida Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmuratov Maroqand litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilganini, chunki u orqali fuqarolarning pullari bukmekerlik kompaniyalariga noqonuniy o‘tkazilganini aytgan.
Joriy yil 26 mart kuni esa Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi Maroqand to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalarini cheklash to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qarorni bekor qilgan.
May oyida Humans Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan “O‘zbektelekom”ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni so‘ragan. Kompaniyaning qayd etishicha, davlat operatori qarzdorlik tufayli Humans uchun internet tezligini pasaytirib, xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va kamsituvchi sharoitlar yaratgan.
Humans Group bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin arbitraj muhokamasini investorlar o‘z manfaatlarini insofsiz ma’muriyatchilikdan himoya qilishning madaniyatli vositasi, deb atagan. Humans sud muhokamasi “adolatli tartibga solish tamoyillarini mustahkamlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga” xizmat qiladi deb hisoblab, zararni qoplashni talab qilmoqda.
Live
Barchasi