Instagram’da soxta kiyim do‘koni ochib, odamlarni “uxlatgan”lar ushlandi
3-sahifa
−
12 Sentabr 5783 2 daqiqa
Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktika oyligi doirasida “onlayn kiyim do‘koni” niqobi ostida tashkil etilgan firibgarlik fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 4 nafar shaxs oson daromad orttirish maqsadida Instagram hamda Telegram orqali “erkaklar kiyimlari savdosi” niqobi ostida soxta sahifalar ochib, arzon narxlarda mahsulotlar taklif qilgan. Ular xaridorlardan oldindan pul o‘tkazishni so‘rab, mablag‘larni begonalarga tegishli bank kartalariga tushirgan va shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab kelgan.
Xususan, joriy yilning 11 iyun kuni Toshkent tumanida yashovchi fuqaro Instagram orqali ularga bog‘lanib, reklama qilingan kiyimni sotib olish uchun 1 million so‘mni ular ko‘rsatgan karta raqamiga o‘tkazib bergan. Biroq pul o‘tkazilgach, barcha yozishmalar o‘chirilib, muloqot to‘xtatilgan.
Dastlabki tergov jarayonida aniqlanishicha, so‘nggi bir oy davomida ular fuqarolarning jami 279 ta bank plastik kartalaridan aldov yo‘li bilan 101 million so‘mdan ortiq mablag‘larni qabul qilib olgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
“Shu o‘rinda Toshkent viloyati IIBB fuqarolarni yana bir bor ogohlikka chaqiradi! Onlayn xaridda shoshilmang, oldindan pul o‘tkazmang. Arzon e’lonlarga aldanmang, faqat ishonchli sahifalardan foydalaning. Shubhali holatlarda esa darhol ichki ishlar organlariga xabar bering. Ogoh bo‘ling”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida Android qurilmalari uchun yaratilgan APK kengaytmali viruslar orqali 133 kishining kartasidan qariyb 3 mlrd so‘mni o‘g‘irlagan shaxclar qo‘lga tushgan edi.
Live
Barchasi