Instagram voyaga yetmaganlar uchun yangi cheklovlar joriy qiladi
Texnologiya
−
14 Oktabr 2142 2 daqiqa
Instagram voyaga yetmaganlar uchun yangi cheklovlar joriy qilmoqda. Unga ko‘ra, endilikda 18 yoshdan kichik foydalanuvchilar PG-13 reytingiga mos kontentni ko‘radi. Bu haqda “TechCrunch” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu reyting asosida bolalar zo‘ravonlik, uyatsiz sahnalar yoki giyohvand moddalar mavzusini ko‘ra olmaydi. 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar bu sozlamani ota-ona yoki vasiylarining ruxsatisiz o‘zgartira olmaydi.
Shuningdek, tarmoq “Cheklangan kontent” deb nomlangan yanada qat’iy filtrni joriy qilmoqda. U o‘smirlarga ushbu turdagi postlarni ko‘rishga yoki izoh yozishga yo‘l qo‘ymaydi. Kompaniyanig ma’lum qilishicha, kelasi yildan boshlab yoshlar sun’iy intellekt asosidagi botlar bilan muloqot qilganda ham “Cheklangan kontent” filtri tatbiq etiladigan yanada qat’iy cheklovlar joriy etiladi. Instagram allaqachon PG-13 kontent sozlamalarini AI bilan suhbatlarga ham qo‘llay boshlagan.

Bundan tashqari, Instagram o‘smirlarga yoshi uchun mos bo‘lmagan kontent joylaydigan akkauntlarga obuna bo‘lishga ruxsat bermaydi. Agar ular shunday akkauntlarga obuna bo‘lsa, bu akkauntlarning postlarini ko‘ra olmaydi va ular bilan o‘zaro aloqada bo‘la olmaydi. Kompaniya bunday akkauntlarni tavsiyalar ro‘yxatidan ham olib tashlaydi, bu esa ularni topishni qiyinlashtiradi. Yangilanishlar hozircha AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanadada joriy etilmoqda, kelasi yilda esa butun dunyo bo‘ylab tatbiq etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Instagram eng kutilgan funksiyalardan birini taqdim etishi, xususan, endi profildagi postlarning o‘rnini almashtirish mumkin bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.