Qozog‘istonda birinchi qor yog‘di (video)
Olam
−
29 Sentabr 27602 1 daqiqa
Qozog‘istonning Qostanay viloyatida ilk bor qor yog‘di. Bu haqda “Todayinfo.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatda sezilarli darajada qor yoqqan. Aholi o‘z ijtimoiy tarmoqlarida birinchi qor suratlarini joylashtirgan.
Ob-havo mutaxassislari tunlari havo harorati 1, 6 darajagacha sovib, kunduzlari 3,8 darajagacha isishini, yog‘ingarchilik kuzatilishini va yomg‘ir yana qorga aylanish ehtimoli borligini ma’lum qilgan.
Mutaxassislarning aytishicha, mamlakat hududining katta qismi shimoliy siklon ta’sirida qolmoqda. Natijada yomg‘ir yog‘ishi, janubi-sharqda momaqaldiroq bo‘lishi, shimolda esa kuchli yomg‘ir yog‘ib, havo harorati pasayishi kutilmoqda. Faqat janub va sharq hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi tahmin qilingan. Respublika bo‘ylab shamol kuchayishi, tun va tongda tuman tushishi mumkinligi aytilmoqda.
Qostanay politsiya boshqarmasi Instagram sahifasida yo‘l harakati qatnashchilariga murojaat qilgan. Haydovchilarga yomg‘ir va qordan keyin yo‘llar sirpanchiq bo‘lishi eslatilgan.
Shuningdek, haydovchilarga masofani va tezlikni saqlash tavsiya etilgan, piyodalarga esa faqat belgilangan o‘tish joylaridan yo‘lni kesib o‘tish kerakligi haqida ogohlantirish berilgan.