Ishonchli, qimmatli va an’anaviy investitsiya
Biznes
−
24 noyabr 2811 5 daqiqa
Oltin – dastlabki valyuta shakllaridan biri, bugun biz bilgan pul tizimining tayanchi va Bitcoin uchun ilhom manbai. U hech bir mamlakatga qaram bo‘lmagan global aktiv, xavfsiz investitsiya, inflyatsiyadan himoya, sanoatda muhim metall, shuningdek, yana ko‘plab xususiyatlarga ega. Shuncha omil mavjud ekan, oltin ajoyib investitsiya bo‘lmasligi mumkinmi? Global keskinlik oshib, urushlar ketayotgan bir paytda oltin barqaror investitsiya uchun ma’qul tanlov bo‘lib qolmoqda. Investorlar oltinni ko‘pincha iqtisodiy noaniqlik davrida sotib oladi va fond bozori beqaror bo‘lgan paytda ushbu qimmatbaho metallga talab kuchayadi.
Oltin investitsiyasining qisqa tarixi
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qimmatbaho metall ilk bor miloddan avvalgi 4 000 yilda munosabatga kira boshlagan, ammo birinchi rasmiy almashinuv vositasi sifatida miloddan avvalgi 1 500 yillarda Misr imperiyasi tomonidan xalqaro savdo uchun ishlatilgan. O‘shandan beri oltin qiymat saqlovchi, almashinuv vositasi va ajoyib investitsiya sifatida qolmoqda. U boshqa qimmatbaho metallar kabi turli tanga, quyma va hatto zargarlik buyumlari sifatida qayta eritilib, quyiladi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng 44 davlat ishtirokida imzolangan global moliyaviy tizim kelishuvi – Bretton-Vuds imzolandi va AQSH dollari oltin bilan bog‘landi. 1971 yilga kelib, AQSH Prezidenti Richard Nikson dollarni bevosita oltin bilan almashtirishni to‘xtatdi. Shundan so‘ng, oltin insoniyat bilgan eng yaxshi investitsiyalardan biriga aylandi.
Oltinga qanday investitsiya qilish mumkin?
Uzoq muddatli investitsiya uchun oltin juda qulay sarmoya hisoblanadi. Quyida oltin investitsiyasini boshlashning eng keng tarqalgan yo‘llari haqida tanishing:
To‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish. Oltinga investitsiya qilishning eng keng tarqalgan va eng oson yo‘li uni biror shaklda sotib olishdir. Bunga oltin quymalari, tangalar, zargarlik buyumlari va boshqa hashamatli dekorativ buyumlar kiradi. Oltin nafaqat moliyaviy maqsadlarda ishlatilgan, balki boylik va hokimiyat ramzi sifatida ham qadrlangan: podshohlar oltin toj kiygan, olimpiya chempionlariga oltin medallar beriladi. Shuningdek, oltin zargarlik buyumlari avloddan-avlodga o‘tishi mumkin va ularni taqib yurish orqali nafaqat zavq va uslub, balki vaqt o‘tishi bilan qiymat ortishi ham qo‘shiladi.

Quymalar. Bu oltinni katta miqdorda sotib olish va saqlashning yana bir yo‘lidir. Bundan tashqari, yuzlab yillik tarixga ega bo‘lgan oltin tangalar ham mavjud. Ammo tangalar borasida ehtiyot bo‘lish kerak, chunki ularning barchasi ham sof oltin emas.

Yarim-numizmatik tanga. Bu – qiymati qisman numizmatik va qisman bullion (tarkibdagi sof oltin) qiymatidan kelib chiqadigan oltin tanga.
Diqqat qilish kerakki, oltindan yasalgan zargarlik buyumlari muntazam ravishda mis yoki rodiy kabi boshqa metallarni o‘z ichiga oladi. Aynan ushbu metallar va sof oltin nisbatlari pushti oltin (rose gold), sariq oltin, yoki oq oltin ranglarini hosil qiladi. Bundan tashqari, sof oltin miqdori oltinning karatini belgilaydi. Karat qanchalik yuqori bo‘lsa, mahsulotdagi oltin shunchalik sof bo‘ladi.

Biroq ba’zi buyumlar, masalan zargarlik mahsulotlarida 100% sof oltin har doim ham foydali emas. Chunki u juda yumshoq bo‘ladi va masalan, uzuk yoki soat kabi buyumlarda tezda shakli buzilishi yoxud shikastlanishi mumkin.
Onlayn oltin investitsiyasi

Birja orqali sotiladigan fondlar, o‘zaro fondlar va oltin aksiyalari – to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olmasdan turib oltinga investitsiya qilishning yana bir mashhur yo‘li. Bu usul katta kapitalga ega investorlar uchun oltinni saqlashdan ko‘ra ancha ma’qulroq.
Yuqorida ta’kidlanganidek, oltin investitsiyasidagi eng katta to‘siqlardan biri – saqlash masalasi. Bu muammoni kamaytirish uchun bozorda oltin bilan ta’minlangan kripto tokenlar ko‘paymoqda.
Nega oltin yaxshi investitsiya?
Oltin bekorga investitsiya va pul standartiga aylangan emas. U 1970 yildan hozirgacha yillar davomida sof investitsiya qaytimi bo‘yicha eng kuchli aktivlardan biri bo‘lgan.
Boylikni saqlab qoladi. Oltinning investitsiya dunyosidagi muvaffaqiyatining asosiy sababi uning boylikni saqlab qolish qobiliyatidir. Shuning uchun iqtisod rivojlanayotgan va tiklanayotgan davrlarda oltin ayiq bozori (aktivlar narxi uzoq muddat tushadigan holat)da asqotadi.
Pulga qarshi himoya. Oltin dollar va oddiy qog‘oz pullardan himoya bo‘la oladi. 1970 yillarda oltin narxi atigi 35 dollar edi, bugun esa 2 148 dollardan ham yuqori darajaga yetdi. Buning sababi – inflyatsiyaning kuchayishi va oltin bilan ta’minlanmagan fiat (davlat chiqargan, hech qanday aktiv bilan ta’minlanmagan, qonuniy) pullarning yildan-yilga qadrsizlanib borishi. Bu davrda dollardan boshqa valyutalar ham katta qiymat yo‘qotgan.

Inflyatsiyaga qarshi himoya. Ko‘rsatkichlar shuni ko‘rsatadiki, oltin sotib olish investorlarni yuqori inflyatsiya davrlarini yengib o‘tishga yordam beradi. Inflyatsiya o‘sayotganda, Markaziy Banklar foiz stavkalarini oshiradi. Bu esa qarz inqiroziga olib kelishi va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi mumkin.
Ishonchli himoyali investitsiya. Oltin bir necha sabablarga ko‘ra xavfsiz investitsiya hisoblanadi. Bu xususiyati boylikni saqlash va himoyali aktiv bo‘la olishi bilan bog‘liq. Shuningdek, u chegara bilmaydi va global miqyosda oldi-sotdi qilish oson, ya’ni har qanday davlat pul tizimidan mustaqildir.
Diversifikatsiya uchun qulay. Oltin dunyodagi eng yirik global aktivlardan biri bo‘lib, rezerv aktiv (davlatlar yoki markaziy banklar tomonidan iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlik uchun saqlanadigan qimmatli aktiv) sifatida ham mashhur. Portfelga oltin qo‘shish turli aktivlar o‘rtasidagi xavfni kamaytirish va umumiy narx tebranishlarining ta’sirini yumshatishga yordam beradi.
Rezerv aktiv sifatida. Faqat moliyaviy maslahatchilar yoki kichik investorlar emas, balki butun dunyo davlatlari ham oltinni rezerv aktiv sifatida katta miqdorda saqlaydi. Masalan, AQSH va Xitoy dunyodagi eng yirik oltin zaxiralariga ega.
Live
Barchasi