Isroil 30 ga yaqin yordam kutayotgan g‘azolikni o‘ldirdi

Olam

image

Isroil armiyasi G‘azo sektorining janubida insonparvarlik yordamini kutayotgan 27 g‘azolikni o‘ldirdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

G‘azoning Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, hodisa Rafah shahrining El-Alem hududidagi yordam tarqatish punktida sodir bo‘lgan. Hujum oqibatida 27 kishi halok bo‘lgan, 90 dan ortiq odam tan jarohati olgan. Ba’zi yaralanganlarning ahvoli nihoyatda og‘ir ekani bildirilgan.

Isroil bayonotiga ko‘ra, harbiylar yordam punktidan taxminan yarim kilometr narida harakatlanayotgan shubhali shaxslarga qarata oldin ogohlantiruvchi, so‘ngra esa “xavf tug‘dirgan” bir necha gumonlanuvchiga qarata o‘q uzgan.

So‘nggi haftalarda Isroil armiyasining yordam tarqatish joylariga uyushtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 79 nafarga yetdi. Isroil 27 maydan boshlab AQSH va Isroil ko‘magida tashkil etilgan “G‘azo gumanitar yordami fondi” doirasidagi taqsimlash punktlariga zarbalar bera boshlagan. Bu hududlarda yordam olish uchun kelgan tinch aholi vakillariga qarata o‘t ochilmoqda.

Joriy yilning 1 iyun kuni Isroil armiyasi G‘azoning ikki hududida yordam kutayotgan odamlarga hujum uyushtirib, 32 kishini o‘ldirdi, 232 nafarga yaqin odamni yaraladi. Isroil rasmiylari esa yordam kutayotgan tinch aholiga qarata o‘q uzilganini va o‘nlab odamlar halok bo‘lganini rad etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil blokada ostidagi G‘azo sektoriga yo‘l olgan qariyb 3 mingta gumanitar yordam yuk mashinasining kirishiga to‘sqinlik qilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash vazirligi Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing