Isroil ko‘chmanchilari falastinlik qariyani kaltakladi (video) 

Olam

image

Kecha, 8 yanvar kuni Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilda niqoblangan, qurollangan erkaklar mahalliy falastinliklarga hujum uyushtirib, 67 yoshli qariyani shafqatsizlarcha kaltaklagan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.  

Hujumni ko‘rgan ikki nafar shaxsning so‘zlariga va “Associated Press” qo‘lga kiritgan video tasvirlarga ko‘ra, qurollangan Isroil fuqarolari G‘arbiy Sohil shimolidagi Deir Sharaf qishlog‘ida joylashgan o‘simliklar pitomnigiga hujum qilgan. Ishchilar bosqindan xabar topib, qochib ketgan, biroq 67 yoshli Basim Solih Yosin kar bo‘lgani uchun ogohlantirishni eshitmagan va ketishga ulgurmagan. Oqibatda Yosin qattiq kaltaklangan. Guvoh falastinliklar isroilliklarning tazyiqidan qo‘rqib, ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan. 

Ularning aytishicha, Yosin hozir shifoxonada, uning qo‘l suyaklari singan, shuningdek yuz, ko‘krak va bel qismidan jarohatlar olgan. Pitomnik hududida to‘rtta avtomobil yoqib yuborilgan va butunlay yaroqsiz holga kelgan. 

Mazkur hujum G‘arbiy Sohilda Isroil fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan zo‘ravonliklarning so‘nggi holatlaridan biridir. Bunday hujumlar oktyabr va noyabr oylaridagi falastinliklarning zaytun terimi mavsumida keskin ko‘paygan va shundan beri davom etib kelmoqda. 

Isroil armiyasining ma’lum qilishicha, hujum haqida xabar kelib tushgach, Shavey Shomron chorrahasiga (voqeaga yaqin hudud) askarlar yuborilgan. Armiya o‘nlab niqoblangan isroilliklar mulkka zarar yetkazayotganini bildirib, uch nafar gumonlanuvchini qo‘lga olganini va politsiyaga topshirilganini ma’lum qilgan. 

Pitomnik egalaridan birining aytishicha, bu ob’ekt so‘nggi bir yil ichida uchinchi marta hujumga uchramoqda. Avvalgi hujum 2025 yil sentyabr oyida sodir bo‘lgan va ofislar hamda inshootlar shikastlanishi oqibatida biznesga 600 ming dollardan ortiq zarar yetgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 21 dekabrda Isroil hukumati G‘arbiy Sohilda yana 19 ta yahudiy aholi punkti qurilishini tasdiqlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil qariya falastinlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing