Isroil zarbasi oqibatida Livanda 303 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
10 aprel 1764 2 daqiqa
Joriy yilning 8 aprel Livan hududiga berilgan havo zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 303 nafarga yetdi. Bu haqda Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “The Guardian” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yana 1150 dan ortiq kishi jarohat olgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari va jasadlarni aniqlash jarayoni davom etayotgani sababli qurbonlar soni yana oshishi mumkin.
Qayd etish joiz, 8 aprel kuni Isroil Mudofaa vazirligi Livanda fevral oyining oxiridan beri eng yirik operatsiyani o‘tkazganini ma’lum qildi. O‘n daqiqa ichida bir vaqtning o‘zida bir nechta hududlarga zarbalar berilgan. Ushbu hujumlar “Hizbulloh” infratuzilmasiga qaratilgani aytilmoqda.
Bundan biroz oldin Isroil Eron bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatganini bildirgan. Shu kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik sulh e’lon qilgan va buning evaziga Hormuz bo‘g‘ozi ochilishi talab qilingan.
Shu bilan birga, Isroil kuchlari Livanda “Hizbulloh”ga qarshi quruqlikdagi operatsiyalarni davom ettirgan. AQSH va Isroil rasmiylariga ko‘ra, Livan bu sulh kelishuviga kiritilmagan, biroq Eron buning aksini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Livan bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralarini boshlash bo‘yicha topshiriq bergandi. Netanyaxuning aytishicha, muzokaralar asosan “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish va ikki davlat o‘rtasida tinch munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga qaratiladi. U Livan tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot boshlashga bo‘lgan chaqiriqlarni ham ijobiy baholagan.
Live
Barchasi