Isroilni tark etmoqchi bo‘lganlar uchun imkoniyat yaratildi
Olam
−
23 iyun 5981 2 daqiqa
Isroilda Eron bilan o‘zaro zarba almashuvi boshlanganidan so‘ng mamlakatda qolib ketgan xorijliklar yo‘lga qo‘yilgan reyslar orqali mamlakatni tark etishlari mumkin. Bu haqda mamlakat Transport vaziri Miri Regevga tayanib, “The Times of Israel” xabar berdi.
Miri Regev bugun, 23 iyun kunidan boshlab Isroilda qolib ketgan xorijliklarga “repatriatsion reyslar” orqali mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat berilishini e’lon qildi.
Isroil hukumati mamlakatdan havo yo‘li orqali chiqib ketishni taqiqlagan edi. Bu chora-tadbirlar aeroportda haddan tashqari gavjumlikning oldini olish va samolyotlarning yerda turish vaqtini imkon qadar qisqartirish maqsadida joriy etilgan.
Regevning aytishicha, 23 iyun kuni 24 ta repatriatsion reys amalga oshiriladi va har bir parvozga 50 nafardan ortiq bo‘lmagan yo‘lovchi ruxsat etiladi.
“Biz aeroportda, ayniqsa, samolyotlar uchish-qo‘nish yo‘lagida turgan vaqtida xavfsizlik nuqtayi nazaridan yo‘lovchilar sonini cheklashimiz kerak”, degan u.
Regev shuningdek, hafta oxirigacha parvozlar soni va samolyotlarda yo‘lovchilar limitini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilayotganini aytdi. Nashrning yozishicha, hozirda Isroilda 40 mingdan ortiq xorijlik turist mavjud bo‘lib, ular hali ham cheklovlar sababli mamlakatdan chiqib keta olmayapti.
Cheklangan o‘rinlar mavjudligi sababli birinchi navbatda hayot uchun xavf tug‘diruvchi holatlar, gumanitar yordam va milliy xavfsizlik bilan bog‘liq chiqishlarga ustuvorlik beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘plab davlatlar Eron va Isroildan fuqarolarini aviatsiya, quruqlik va dengiz yo‘llari orqali evakuatsiya qilayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi