Istanbulda Netanyaxuni hibsga olish uchun order chiqarildi

Olam

image

Istanbul bosh prokuraturasi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning “genotsid sodir etish”da ayblanishi bo‘yicha hibsga olish orderini chiqardi. Kecha,  7 noyabr kuni kechqurun Turkiya prokuraturasi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilishicha, Netanyaxu bilan birga yana 36 nafar isroillik hukumat va siyosiy hamda harbiy arboblarga nisbatan ham hibsga olish orderi berilgan. Ular orasida Mudofaa vaziri Isroil Kats, Milliy xavfsizlik vaziri va o‘ta o‘ngchi “Osma Yehudit” (“Yahudiy kuch”) partiyasi yetakchisi Itamar Ben-Gvir hamda Isroil Mudofaa armiyasi bosh shtabi rahbari, general-leytenant Eyal Zamir ham bor.

“G‘azo sektorida Isroil tomonidan tizimli ravishda amalga oshirilayotgan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar oqibatida minglab odamlar, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi, minglab insonlar yaralandi, turarjoylar vayron qilindi”, deyiladi prokuratura bayonotida.

Bayonotda shuningdek, Isroilning “Erkinlik flotiliyasi”ga qarshi qilgan harakatlari haqida ham so‘z borgan. Unga ko‘ra, oktyabr oyida G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini yetkazish niyatida yo‘lga chiqqan flotiliya kemalari Isroil hukumati tomonidan to‘xtatilgan. Ular orasida shved ekologik faoli Greta Tunberg ham bo‘lgan.

“Erkinlik flotiliyasi” va gumanitar yordamni yetkazish masalasi

Joriy flotiliya 2025 yil avgust oyi oxirida Barselonadan dengizga chiqib, 40 dan ortiq kemalar va yelkanli qayiqlardan iborat bo‘lgan. Ular bortlarida bir necha yuz kishi, jumladan Tunberg ham bo‘lgan. Tashkilotchilar Isroil tomonidan taklif qilingan – yordam yukini Ashdod porti orqali yetkazish variantlarini rad etgan. Shuningdek, 1 oktyabrda Italiyaning “aksiyani to‘xtatish” chaqiriqlariga ham javob bermagan.

Iyun va iyul oylarida Isroil harbiylari shunday dengiz yo‘li orqali G‘azoga yordam yetkazish urinishlarini to‘xtatgan, kemalarni to‘xtatib, ekipajlarni hibsga olgan va keyin chiqarib yuborgan. Greta Tunberg iyun oyidagi flotiliyada ham ishtirok etgan va Isroil armiyasi uni G‘azo sohilidan taxminan 185 km uzoqlikda to‘xtatgan.

“Erkinlik flotiliyasi” 2010 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning rasmiy maqsadi – G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazishdir. Biroq oldingi urinishlar ham muvaffaqiyatsiz tugagan – Isroil harbiylari kemalarni sohil yaqinida to‘xtatgan.

Isroil G‘azo sektoriga dengiz blokadasini 2007 yilda joriy etgan – bu HAMAS harakati hududni nazoratga olgandan keyin sodir bo‘lgan. Bu choraning maqsadi – dengiz orqali qurol yetkazilishining oldini olish bo‘lib, uni Misr ham qo‘llab-quvvatlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul genotsid Isroil Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing