Istanbuldagi zilzila ortidan bir o‘zbekistonlik vafot etdi
Olam
−
24 aprel 8987 2 daqiqa
Kecha, 23 aprel kuni Turkiyaning Istanbul shahrida yuz bergan kuchli zilzila ortidan 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi. Bu haqda Istanbul shahridagi Bosh konsulxona xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu fojiaviy holat Istanbulda sodir bo‘lgan zilzila vaqtida yuqori qavatda turgan fuqaroning kuchli qo‘rquv holatiga tushishi oqibatida yuz bergani aytilmoqda.
Xabarga ko‘ra, Bosh konsulxona marhumning jasadini O‘zbekistonga yuborish bo‘yicha zarur konsullik-huquqiy va tashkiliy choralarni ko‘rmoqda.
Istanbulda zilzila
Bugun, 23 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Turkiyaning Istanbul shahrida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. U Silivri tumani sohilida sodir bo‘lgan. Zilzila qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan. Zilzila epimarkazi 6,99 kilometr chuqurlikda joylashgan. Qolaversa, 6,2 magnitudali birinchi zilziladan keyin magnitudasi 3,1 dan 4,9 gacha bo‘lgan o‘nta aftershok qayd etildi. Soat 12:51 da yerosti silkinishi (5,9) qayd etilgan. Undan keyin 4,4, 4,8, 4,5 va 4,9 magnitudali zilzilalar kuzatilgan. 13:07 dan boshlab silkinishlar kuchi 3,4 dan 3,1 gacha pasayishni boshlagan. Mahalliy mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yerosti silkinishlari hali davom etishi mumkin.
Ushbu zilzilalar paytida 151 kishi qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Istanbul gubernatorligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila oqibatida hech kim halok bo‘lmagan. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mahalliy favqulodda xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni kuzatishda davom etayotgani va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahridagi ketma-ket ro‘y bergan zilzilalardan so‘ng, shaharni tark etishni xohlovchilar soni ortgani va aviachiptalar narxi keskin oshib ketgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Istanbul shahridagi maktab va universitetlarda ta’lim 2 kunga to‘xtatildi.