Italiyada bo‘sh uylarga ko‘chib o‘tganlarga 23 ming dollar beriladi (foto)

Bu qiziq

image

Italiyaning Toskana mintaqasida joylashgan manzarali Radikondoli qishlog‘i aholisi kamayib ketgani bois, hukumat yangi qaror chiqardi. Qadimiy qishloqdagi bo‘shab qolgan uylarga ko‘chib kelganlarga 23 ming dollar to‘lash tartibi joriy qilindi. Bu haqda “Forbes” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toskana tepaliklari, zaytun bog‘lari va uzumzorlar bilan o‘ralgan Radikondoli bir paytlar 3 mingga yaqin aholiga ega bo‘lgan. Bugun esa bu raqam 966 kishigacha qisqargan, 450 ta uydan 100 tasi qarovsiz qolgan. Shu sababdan, mahalliy hokimiyat 2023 yilda qishloqqa hayotni qaytarish maqsadida maxsus dastur ishga tushirgan.

Unga ko‘ra, kim bu qishloqdagi tashlandiq uylardan birini sotib olib, u yerga ko‘chib o‘tsa, unga 23 ming dollar miqdorida moliyaviy yordam beriladi. Bundan tashqari, yangi kelganlarga 7 ming dollargacha transport va isitish xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya ajratiladi.

2025 yildan boshlab dastur imkoniyatlari kengaytirildi. Endi Radikondoli hokimiyati yangi aholiga birinchi ikki yil davomida ijara to‘lovining yarmini to‘lab beradi. Buning evaziga ular kamida to‘rt yil qishloqda yashashlari kerak bo‘ladi. Agar ular uyni sotib olishni istasa, moliyaviy yordam ko‘rsatiladi, biroq ular kamida o‘n yil shu yerda yashash majburiyatini oladi.

“Biz ikki yil avval boshlangan uy-joy dasturini kuchaytirdik. Joriy yilda buning uchun 400 ming yevrodan ortiq mablag‘ ajratildi. U uy sotib oluvchilarni, ijarachilarni, talabalarni va ekologik energiyani tanlaganlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi”, deydi Radikondoli meri Franchesko Guargualni.

Guargualnining ta’kidlashicha, Radikondolidagi tashabbus Italiyada mashhur bo‘lgan “1 yevro uchun uy” dasturlaridan farq qiladi.

“Bizning uylarimiz sifatli qurilgan. Hukumat nafaqat turarjoy, balki ahil madaniyat va barqaror hayot tarzini taklif etmoqda”, deydi u.

Qishloq markazidagi kichik kvartiralar narxi 50 ming yevrodan boshlanadi, chekka hududlardagi keng fermer uylari esa 100 ming yevrodan yuqori turadi. Ayrim uylar ta’mirtalab, ammo mahalliy subsidiyalar xarajatlarning bir qismini qoplash imkonini beradi.

Kichik hajmiga qaramay, Radikondoli Toskanadagi eng ekologik toza joylardan biri sifatida tanilgan. Bu yerda geotermal energiyadan faol foydalaniladi, elektr energiyasi sotishdan olingan daromad esa ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

“Biz Radikondoliga hayotni qaytarishni xohlaymiz, lekin uni muzeyga aylantirmoqchi emasmiz. Bizda tarix ham, energiya ham, yangi odamlar uchun joy ham bor,” deydi mer.

Dastur natijasida so‘nggi yillarda qishloqqa 60 ga yaqin yangi aholi ko‘chib kelgan. Ular orasida italiyaliklar bilan bir qatorda Belgiyadan kelgan oilalar ham bor.


Maqola muallifi

Teglar

qishloq Italiya Radikondoli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing