Qarishni sekinlashtiradigan hujayra aniqlandi

Salomatlik

image

Isroildagi Ben-Gurion universiteti olimlari biologik qarishni sekinlashtira oladigan immun tizimi hujayralarini aniqladi. Ularga CD4-Eomes deb nom berildi. Bu haqda “Sciencealert” xabar berdi.

Ma’lumki, yosh o‘tishi bilan organizmda “zombi-hujayralar” deb ataladigan qari hujayralar to‘planadi. Ular bo‘linish qobiliyatini yo‘qotadi, ammo turli molekulalarni ishlab chiqarishda davom etadi. Ushbu molekulalar yallig‘lanishni keltirib chiqaradi, bu esa keksalik kasalliklariga va umr davomiyligiga ta’sir qiladi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, CD4-Eomes immun hujayralari aynan shu zararli qarigan hujayralarni topib yo‘q qiladi va shu orqali molekulyar darajada qarish jarayonini sekinlashtiradi.

Tajriba davomida olimlar CD4-Eomes hujayralarini yosh va qari laboratoriya sichqonlariga ko‘chirib o‘tkazgan. Kuzatuvlarga ko‘ra, qarigan hujayralar soni oshganida immun tizimi ularni yo‘q qilishga moslasha boshlaydi. CD4-Eomes funksiyasi olib tashlangan genetik o‘zgartirilgan sichqonlarda esa qarigan hujayralar juda ko‘paygan.

CD4-Eomes hujayralari og‘ir kasalliklar, masalan, jigar sirrozi vaqtida ham himoya ta’siri ko‘rsatgan – ular jigar to‘qimasidagi chandiqlarni kamaytirishga yordam bergan.

Endi olimlar CD4-Eomes hujayralari turli odamlar genetikasiga, yoshiga va boshqa omillarga qarab qanday reaksiyalar berishini o‘rganishni rejalashtirmoqda. Kelajakda ushbu hujayralar qarishga qarshi dori vositalari yaratish uchun asos bo‘lishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar o‘smirlik davridagi tajovuzkor xulq biologik qarish jarayonini tezlashtirishi mumkinligini aniqlagandi. Qarishning asosiy sababini aniqlashga yo‘naltirilgan tadqiqot Virjiniya universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan. Ularning 17 yil davom etgan tadqiqoti 123 nafar ishtirokchini qamrab olgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Isroil qarish Ben-Gurion CD4-Eomes

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing