Qaysi hududlarda korrupsion jinoyatlar ko‘paygani aytildi

3-sahifa

image

Andijon, Namangan Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida korrupsiyaga oid jinoyatlar soni ortdi. Bu haqda bugun, 5 sentyabr kuni Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqilishi chog‘ida aytildi. 

Qayd etilishicha, 2024 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlashga qaratilgan 8 normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Shu bilan birga, muhokamada senatorlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotgani qayd etilgan.

Xususan, 2024 yilda respublika bo‘yicha Andijon, Toshkent, Namangan, Sirdaryo viloyatlarida korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga eng ko‘p zarar yetkazilgan, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni esa Andijon, Namangan Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ortgan.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarning aksariyati Maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash vazirligi, tijorat banklari hamda bandlik tizimi xodimlariga to‘g‘ri keladi.

Adliya vazirligi tomonidan 2024 yilda 2 mingdan ortiq loyihaning 222 tasida yoki 11 foizida 337 korrupsiyaviy omil aniqlangan. Korrupsiyaviy omillarning aksariyati Iqtisodiyot va moliya, Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari tomonidan kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlarda aniqlangan.

Senat a’zolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, qator vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflar bildirilgan:

  • Korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilgan holda jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlarida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni belgilash;
  • Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tizimi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini faollashtirish;
  • Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga qo‘shimcha vazifalar yuklatilishining oldini olish;
  • Ichki nazorat tuzilmalari tomonidan nazorat tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilishini ta’minlash;
  • Odob-axloq komissiyalarining faoliyatini kuchaytirish. 

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan shahri hokimi Anvar Otaxo‘jayev 60 ming dollar pora olayotganda qo‘lga olingandi. Hokim va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, ma’nan eskirgan turarjoy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming AQSH dollari talab qilgan. Qolaversa, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimi ham pora bilan qo‘lga tushgan edi. U umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosini barpo etish uchun ajratilgan 1,7 gektar yer maydonida 8 ta ko‘p qavatli uylar qurilishiga ruxsat olib berish evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Senat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing