Korrupsiya mojarosi fonida Yermak iste’fo berdi
Olam
−
28 noyabr 5776 3 daqiqa
Ukraina Prezidenti apparati rahbari Andrey Yermak bugun, 28 noyabr kuni Milliy korrupsiyaga qarshi byuro (NABU) uning uyida tintuv o‘tkazganidan so‘ng istefo arizasini taqdim etdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Yermakning istefosi Zelenskiy prezidentligi davridagi eng yirik korrupsiya mojarosi avj olayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Bu mojaroda Prezidentning yaqin atrofidagi shaxslar ishtirok etgani aytilmoqda. Oy boshida Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi davlatga qarashli “Energoatom” kompaniyasidagi korrupsiya sxemasi bo‘yicha sakkiz nafar gumonlanuvchiga ayb qo‘ydi. Tergovchilar bu sxema rahbari sifatida Zelenskiyning eng yaqin ittifoqchilaridan biri Timur Mindichni ko‘rsatdi.
“Prezident apparati faoliyati qayta shakllantiriladi. Andrey Yermak, Prezident apparati rahbari, istefo arizasini yozgan. U Ukraina manfaatlarini muzokaralarda har doim kerakli darajada himoya qilgani uchun minnatdorlik bildiraman”, dedi Zelenskiy.
Zelenskiy gap-so‘z va mish-mishlarni oldini olishni istashini ta’kidladi.
“Yangi apparat rahbari masalasida ertaga ushbu idorani boshqarishi mumkin bo‘lgan nomzodlar bilan maslahatlashuv o‘tkazaman”, dedi u.
Korrupsiya mojarosida tilga olingan ikki vazir – Adliya vaziri German Galushenko va Energetika vaziri Svetlana Grinchuk – 19 noyabr kuni ishdan olingan. Ularga hali ayb qo‘yilmagan.
Mindichga ayb qo‘yilishidan oldin u mamlakatdan qochib ketgan. Zelenskiy uni sanksiya ro‘yxatiga kiritgan va qidiruvga bergan.
“Ukrainskaya pravda” nashri manbalariga tayanib xabar berishicha, Yermak ham ushbu korrupsiya ishiga aloqador va tergovchilar uni “Ali Baba” deb atashmoqda.
Ukraina Bosh antikorrupsiya prokurori Aleksandr Klimenko shu oyda aytganidek, tergovchilarning fikriga ko‘ra, “Ali Baba” huquqni muhofaza qilish organlariga topshiriq berib, NABU xodimlari va antikorrupsiya prokurorlariga bosim o‘tkazilishini ta’minlagan.
“Energoatom” korrupsiya sxemasi mablag‘lari hisobiga Kiyev yaqinida qurilayotgan qimmatbaho uylardan biri Yermak uchun mo‘ljallangani aytiladi”, deb xabar berdi “Kyiv Independent” manbasi.
Yermak bu xabarlar haqida hali izoh bermagan. Prezident apparati ham jurnalistlarning so‘rovlariga javob qaytarmagan.
Mojarolarga qaramay, Zelenskiy Yermakni ishdan bo‘shatishdan bosh tortdi. Aksincha, 23 noyabr kuni Shveysariyada AQSH bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasi rahbari etib tayinladi. Bu muzokaralardan avval AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya manfaatiga moyil deb baholanayotgan tinchlik rejasini e’lon qilgan edi.
2020 yilda tayinlangan Yermak Ukraina hukumatining eng ta’sirli amaldorlaridan biriga aylangan. Uzoq yillik tanqidlarga qaramay, Zelenskiy unga ishonishini ta’kidlab keladi.
“Yermak kuchli menejer. Men uning natijalari uchun hurmat qilaman. U men aytgan ishlarni bajaradi. U men bilan keldi, men bilan ketadi. Va u hech qanday lavozimda qolmaydi”, degan edi Zelenskiy o‘tgan yili “Bloomberg”ga bergan intervyusida.
Live
Barchasi