Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi Japarovga rad javobi berdi

Olam

image

Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi bolalar zo‘rlanishi va zo‘rlab o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qayta joriy etishning imkoni yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda Sud matbuot xizmatiga tayanib, “24.kg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Konstitutsiyaviy sud taklif qilinayotgan tuzatishlar asosiy qonunning yaxlit tizimi, konstitutsiyaviy tuzumning poydevori bo‘lgan fundamental inson huquq va erkinliklari hamda davlatning demokratik xarakteriga qanday ta’sir qilishini baholaydi. Shuningdek, o‘zgarishlar mamlakatning xalqaro shartnomalar bo‘yicha majburiyatlariga mos kelishi ham muhim hisoblanadi.

“Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida belgilaydi. Ularni ta’minlash kafolatlari konstitutsiyaviy tuzumning asosini tashkil etadi va asosiy qonunga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlarning chegaralarini belgilaydi. Shu bois, inson huquqlariga oid har qanday tuzatishlar ularning tizimli tabiatini, shuningdek, ularning butun konstitutsiyaviy modelga ta’sirini hisobga olishi kerak”, deyiladi xabarda. 

Sud “orqaga qaytish tamoyili”ni ham eslatib, inson huquqlari kafolatlarining darajasini pasaytirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Chunki ularning barqarorligi va izchilligi inson qadr-qimmatining ustuvorligini ta’minlaydi.

Shuningdek, o‘lim jazosini taqiqlash va hayotning ustuvor qadriyat sifatida e’tirof etilishi nafaqat huquqiy, balki axloqiy va tamoyiliy ahamiyatga ega ekani qayd etilgan. 

Sud Qirg‘izistonning xalqaro majburiyatlarini ham esga olgan. Venada tuzilgan xalqaro shartnomalar to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq, davlat ichki qonunlarini shartnomani bajarmaslik uchun asos sifatida ko‘rsata olmaydi. Shartnoma faqat qat’iy belgilangan hollarda bekor qilinishi yoki to‘xtatilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘lim jazosi tarafdori ekanini bildirgan edi. Japarovning bu qarorga kelishiga o‘smir Oysuluv Mukashevaning vahshiylarcha o‘ldirilishi sabab bo‘lgan.

Joriy yilning 27 sentyabr kuni Oysuluv Mukasheva tushda Barskaun qishlog‘idan Qorako‘l shahriga jo‘nab ketib, bedarak yo‘qolgan edi. 29 sentyabr kuni uning jasadi uzoq dara yaqinidagi Jal-Ariq hududidan topilgan, u yerda qiz zo‘rlangani va o‘ldirilgani aniqlangan. Gumonlanuvchi Bishkekda qo‘lga olinib, qamoqqa olingan.


Maqola muallifi

Teglar

o'lim jazosi Sadir Japarov Konstitutsiyaviy sudi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing