Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisining qizi hibsga olindi

Olam

image

Qirg‘izistonda sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri va mamlakatning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Emilbek Uzoqboyevning qizi Meyerim Uzoqboyeva korrupsiya ishida gumonlanib qo‘lga olindi. Unga 30 yil avval davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlari bilan bog‘liq ish yuzasidan ayblov qo‘yilgan. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Hodisa Bishkek shahrida joylashgan “Qirg‘izayilkomok” korxonasi bilan bog‘liq. Hozirgi kunda ushbu korxona aksiyalarining 63 foizi Uzoqboyevlar oilasi nazoratida.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ish 1993-yilda boshlangan xususiylashtirish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq bo‘lib, o‘sha davrda davlatga tegishli bo‘lgan korxona mulki bosqichma-bosqich xususiy qo‘llarga o‘tgan. Hozir esa huquq-tartibot organlari o‘sha davrdagi aksiyalarni sotib olish va o‘tish jarayonlarining qonuniyligini tekshirmoqda.

Advokat Akinbek Nogoyevning bildirishicha, o‘sha paytda Meyerim Uzoqboyeva atigi 10 yoshda bo‘lgan va u keyinchalik ham bu aksiyalarga bevosita egalik qilmagan. Shunga qaramay, unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar jamoatchilikda savollar tug‘dirmoqda. Advokat bu ish ortida siyosiy bosim yoki yer maydoniga qiziqish bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, korxona hududi katta bo‘lib, u yerda kelgusida qurilish loyihalari uchun qiziqish bo‘lish ehtimoli mavjud. U shuningdek, bu holatni adolatsiz deb baholab, haqiqiy korrupsiya ayblovlari bilan bog‘liq shaxslar erkin yurgan bir paytda, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor ayol hibsda saqlanayotganini tanqid qilgan.

Ularning murojaati Prezidentga yuborilgan bo‘lsa-da, u yana tergov organlariga qaytarilgan. Tergov jarayoni esa qariyb ikki oydan beri davom etayotganiga qaramay, hozircha sezilarli natijalar qayd etilmagan. Qirg‘iziston parlamentida ham xususiylashtirish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilingan bo‘lib, ayrim deputatlar eski bitimlarni 15–20 yildan keyin qayta ochishni “davlat darajasidagi reydchilik” deb atagan.

Shuningdek, deputatlar biznes va investitsiyalarni himoya qilish maqsadida da’vo muddatlarini qat’iy belgilash, xususiylashtirishdagi xatarlarni sug‘urtalash tizimini joriy etish hamda o‘tmishdagi xatolar uchun tadbirkorlarni emas, balki mas’ul amaldorlarni javobgarlikka tortishni taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya O'zbekiston qizi sobiq elchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing