“Qora shahzoda” esi borida etagini yopmoqda. Pokiston va Saudiya endi bir-birini himoya qiladi
Tahlil
−
19 Sentabr 9607 8 daqiqa
Isroilning Qatarga bergan zarbasi sodir etilganiga 10 kundan oshdi va bugungacha juda ko‘p narsalar o‘zgardi. Aynan shu hujumni muhokama qilish uchun Dohada favqulodda chaqirilgan Arab-islom sammitida tashqi tahdidlarni oldini olish va Isroilga qarshi tura olishni nazarda tutuvchi ko‘plab takliflar yangragandi. To‘g‘ri, sammitning yakuniy natijasi faqat yahudiy davlatining qo‘poruvchilik harakatlarini qoralash bo‘ldi, ammo undan keyin ilk birlashuv, bo‘lganda ham juda kuchli va jiddiy hamkorlikning tamal toshi qo‘yildi. O‘yin markazida yadroviy salohiyatga ega bo‘lgan davlat endi faqat Isroil emas. Pokiston Saudiya himoyasiga otlandi. Yaqin Sharq juda katta o‘zgarishlar yoqasida turibdi.
“Qora shahzoda” esi borida etagini yopdi
Dohadagi sammitda eng jiddiy takliflar ikki lider tomonidan yangragandi. Ular Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif hamda Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim edi. Esingizda bo‘lsa, Anvar Ibrohim sammitga faqat Isroilni qoralash va unga qarshi quruq bayonot berish uchungina kelganlarga qarata “qoralashlar raketalarni to‘xtatmaydi” degandi. U yig‘ilganlardan yahudiy davlatiga qarshi kuchli sanksiyalarni joriy qilishni so‘radi.
Shahboz Sharif esa undanda keskinroq chora haqida so‘z ochib, Tel-Avivning ekspansiya siyosatiga qarshi kurashish uchun arab-islom operativ guruhi tuzishni taklif qilgandi. Bu oddiy masala emas edi. Dastlab, uning bu chaqirig‘i unchalik jiddiy qarshi olinmaydigandek ko‘rinardi. Ammo Sharif aytgan operativ guruh hozircha tuzilmagan bo‘lsada, arab-islom davlatlari orasidagi ancha shov-shuvli hamkorlik start oldi. Bu Saudiya va Pokiston o‘rtasidagi strategik mudofaa shartnomasidir.
Pokiston Bosh vaziri Dohadan qaytgach, 24 soat ichida zudlik bilan yana Yaqin Sharqqa yo‘l olib, Ar-Riyodga tashrif buyurdi. U Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan 17 sentyabr kuni har ikki davlatga hujum sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatish bo‘yicha strategik mudofaa shartnomasini imzoladi. Buning asosiy mazmuni – ushbu ikki davlatdan biriga qarshi tajovuz har ikki davlatga qarshi tajovuz deb baholanadi va tomonlar bir-birga og‘zaki emas, balki amaliy ko‘mak beradi.
“Ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik va birlikning yangi davrini belgilovchi tarixiy strategik mudofaa bitimiga ko‘ra, bir davlatga qilingan har qanday tajovuz har ikki xalqqa qilingan tajovuz, deb hisoblanadi. Bu Pokiston-Saudiya Arabistoni orasidagi mudofaa va xavfsizlik sohasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlaydi. Shuningdek, harbiy, razvedka ma’lumotlarini almashish va mintaqaviy barqarorlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtiradi”, deyiladi hujjatning rasmiy versiyasida.
Shahboz Sharif va “qora shahzoda” o‘rtasidagi ushbu tarixiy burilishga asos bo‘luvchi hamkorlik Ar-Riyoddagi “Al-Yamama” qarorgohida muhokama qilingan. Sharifga Bosh vazir o‘rinbosari Ishoq Dar, Mudofaa vaziri Xavoja Asif va Moliya vaziri Muhammad Avrangzeb hamrohlik qildi.
Albatta, Pokiston va Saudiyaning bunday tasirchan shartnoma imzolashi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lib qolgani yo‘q. Islomobod va Ar-Riyod uzoq vaqtdan beri iqtisodiyot va mudofaa sohalarida hamkorlik qilib keladi. Saudiya Arabistoni 1947 yil avgustda mustaqillikka erishgan Pokistonni tan olgan ilk davlatlardan biri edi. 1951 yilda ikki davlat “Do‘stlik shartnomasi”ni imzolab, strategik, siyosiy, harbiy va iqtisodiy hamkorlikning asos solgan. Keyingi yillar davomida Pokiston qo‘shinlari bir necha bor Saudiyaga joylashtirildi va saudiyalik harbiylarni Pokistonda tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1967 yildan beri Pokiston 8 mingdan ortiq saudiyalikni o‘qitgan. 1982 yilda imzolangan shartnoma esa bu hamkorlikni yanada mustahkamlab, “Pokiston Qurolli kuchlarining harbiy tayyorgarlikni Saudiyada amalga oshirishi” kafolatlangan.
Hali ham kech emas
Mazkur shartnoma Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgarib turgan bir paytda imzolandi. Isroilning G‘azoda urush olib borishi va qo‘shni davlatlarga berayotgan zarbalari ko‘pgina Ko‘rfaz mamlakatlarini bezovta qildi. Vashington Isroilning yaqin ittifoqchisi bo‘lsa-da, mintaqadagi arab davlatlari AQSHning xavfsizlik kafolatlariga qattiq tayanib kelardi. Bugun esa nihoyat aynan shu Isroil omili bu ishonch iplarini uzdi. Qatar poytaxti Doha AQSH Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi tanlovda hech qanday ikkilanishlarsiz kimni tanlashiga dalildir. Qo‘shma Shtatlarga 3 trillion investitsiya yetkaziladimi, uning harbiy bazalarini mamlakat hududiga joylashtiradimi – farqi yo‘q. Yahudiy lobbiysining changalidagi elita Isroilni AQSHning o‘zidanda ustun qo‘yishi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Bu kelishuv juda muhim paytda paydo bo‘ldi. Mintaqadagi siyosat oxirgi ikki yilda Isroil “tajovuzi” sabab tubdan o‘zgarib ketdi. Isroil uchun chegara qolmadi. U so‘nggi bor nishonga olgan Doha esa Saudiya chegarasidan unchalik uzoq emas. Shu bois, “qora shahzoda” vaqtni behuda sarflashni istamadi chog‘i, u bir yo‘la yadroviy davlat bilan harbiy tajovuzga qarshi birgalikda kurash haqida bitim tuzdi.
Ammo o‘z o‘rnida Pokiston ham bu kelishuvdan, asosan, milliy manfaatlar doirasida foydalanadi. Chunki Saudiya bilan strategik harbiy hamkorlik may oyidagi Hindiston bilan bo‘lgan qisqa to‘qnashuvdan keyin tuzilmoqda. Shuning sababli, bu kelishuv Islomobod uchun ham tarixiy burilish hisoblanadi. Chunki Pokiston o‘z tarixi davomida qudratli davlatlar, xususan, sobiq Sovet Ittifoqi, yaqin-yaqingacha esa Xitoy bilan keng ko‘lamdagi harbiy hamkorlikni amalga oshirgan. Ammo ularning hech biri bilan huddi Saudiya bilan bo‘lgani kabi rasmiy mudofaa paktiga ega bo‘lmagan. Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni bilan ikki tomonlama aloqalar mustahkam bo‘lib qolishiga qaramay, Pokiston Saudiyaning urushlarida qatnashmasligi taxmin qilinmoqda. Bunday taxminlarga ko‘ra, Islomobod Saudiyaga qilinishi mumkin bo‘lgan tashqi hujumlarda unga faqat harbiy va moddiy yordam berish bilan cheklanadi. Qo‘shin kiritish versiyasiga esa ko‘pchilik ishonmayapti. Balki Saudiya ham shunday yo‘l tutar, bunisi hozircha noaniq. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham mazkur shartnoma Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida qariyb sakson yildan beri davom etayotgan juda yaqin hamkorlikda muhim burilish nuqtasi bo‘ldi.
Hindiston nima deydi?
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Randhir Jaysval Ar-Riyod va Islomobod o‘rtasidagi bu shartnomaga tezkor munosabat bildirdi. Uning aytishicha, Hindiston bu kelishuvning mamlakatga ta’siri va uning oqibatlarini chuqur o‘rganib chiqmoqda. Biroq tahlilchilar Saudiya Pokiston va Hindiston bilan munosabatlarni muvozanatlashtirishga harakat qiladi, deya taxmin qilmoqda. Chunki Saudiya iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan Pokistonga moliyaviy yordam ko‘rsatishi bilan bir qatorda Hindiston bilan yaqinroq aloqalarni rivojlantirib kelmoqda. Masalan, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi joriy yil aprel oyida so‘nggi o‘n yil ichida uchinchi marta Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan. Shuning uchun Saudlar oilasi Pokistonni Hindiston bilan to‘qnashmaslikka chaqirishi mumkin. Chunki bunday ssenariydan Ar-Riyod unchalik mamnun bo‘lmasligi tayin.
Lekin Saudiya nima bo‘lgan taqdirda ham Pokiston bilan bunday yaqinlikni qadrlaydi. Negaki, Saudiya Arabistoni uzoq vaqtdan beri foydali qazilmalarga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida fuqarolik yadro texnologiyasini qo‘lga kiritishga qiziqish bildirib kelmoqda. Joriy yil yanvar oyida Saudiya Energetika vaziri, shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud Ar-Riyodning yadroviy dasturlar uchun asosiy komponent hisoblangan uranni boyitish va sotishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidladi. Biroq shu bilan birga, Saudiya Arabistoni bu harakatlar orqali yadroviy qurol yaratishni ko‘zlamayotganini ham bir necha bor aytib kelgan.
Amerikalik jurnalist Bob Vudvord o‘zining 2024 yilda chop etilgan “Urush” kitobidagi hikoyasida, go‘yoki Saudiya valiaxd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud AQSH senatori Lindsi Gremga uranni faqatgina energetika maqsadlarida boyitish niyati borligini aytgani haqida yozgan. Unda Grem atom bombasi ehtimolidan xavotir bildirganida, valiaxd shahzoda Salmon shunday javob qaytargan:
“Menga bomba tayyorlash uchun uran kerak emas. Uni shunchaki Pokistondan ham sotib olaveraman”.
Ha, vaziyat shunday tus olmoqda. Pokiston o‘z manfaatlari doirasida Saudiyada ham milliy manfaatlar nuqtai nazaridan bu kelishuvga qo‘l urdi. Ammo mazkur o‘zgarish Yaqin Sharqda yangi tartibga asos bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. To‘g‘ri, hozircha ushbu kelishuvning qamrovi haqida ayrim noaniqliklar mavjud. Masalan, aynan yadro bombasi atrofidagi masala ortida juda ko‘p savollar yotibdi. Chunki Pokiston shu vaqtgacha tuzgan mudofaa shartnomalarida hech bir davlatga “yadroviy soyabon” bo‘lish majburiyatini olmagan. Mutaxasislar esa uning yadroviy arsenali Hindistonga qarshi qaratilgani hamda faqat o‘z mudofaasi uchun ishlashda davom etishini taxmin qilmoqda. Saudiya bilan ham ko‘p ehtimol huddi shunday bo‘ladi.
Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham ikki davlatdan biriga tashqi hujum sodir bo‘lsa, bu umumiy tahdid sifatida ko‘rilishi va tegishli choralar qo‘llanilishini nazarda tutuvchi paktning o‘zi hozirgi sharoit uchun juda katta yutuq. Bu xoh Hindistonga qarshi bo‘lsin, xoh Isroilning ehtimoliy hujumiga – buning ahamiyati yo‘q.
Boz ustiga Pokiston Isroil agressiyasiga qarshi jim turmasligi yozda Eronga qilingan hujumda o‘z isbotini topdi. O‘shanda Pokistondan yangragan keskin bayonotlar ikki o‘rtada diplomatik mojaroga sabab bo‘ldi. Tahdidlar hatto Isroildagi rasmiy va norasmiy doiralar keyingi nishon sifatida Pokiston va uning yadroviy arsenalini ko‘rsatishgacha yetib borgandi.
Shunday ekan, Netanyaxu rejimining Yaqin Sharq davlatlariga nisbatan qilayotan agressiyasi izsiz ketmadi. Isroilning amaldagi hukumati bunday harakatlar bilan o‘ziga chog‘ qazigani asta-sekin o‘z isbotini topmoqda. Zamonaviy dunyoda hali hech kim guvoh bo‘lmagan misli ko‘rilmagan qirg‘inlar, ayollar, bolalar va qariyalarni ochlikdan o‘ldirish, endigina atrofni anglashni boshlagan go‘daklarga qarab otilgan o‘qlar, ojizlar jon saqlayotgan va davolanayotgan lager va shifoxonalarni bombalash, bir chuqum ozuqa ilinjida gumanitar yuk mashinalariga chirmashganlarni ochiqchasiga o‘ldirish. Bunday g‘ayriinsoniy qilmishlar shunchaki tarixning bir chetida qolib ketmaydi.
Vaqti kelib, aybdorlarni tribunallarda ko‘rarmiz, ammo bungacha yana nimalar ro‘y berishi qiziq. Shunga yetaklovchi jarayonlar esa boshlanayotgandek tassurot uyg‘otmoqda. Arab monarxiyalari AQSHning asl basharasini Dohaga qilingan hujumda aniq va ravshan ko‘rib xulosa qilishni boshladi. Endi Yaqin Sharqda o‘yin qoidalari o‘zgarmoqda. Qizig‘i shundaki, bu o‘zgarishlardan Vashington chetda qolmoqda. Oxirgacha shunday bo‘lib qoladimi yoki yo‘q – bunisi mintaqadagi “qora shag‘zoda”ga o‘xshash yetakchilarning siyosiy irodasiga bog‘liq.
Live
Barchasi