Qozog‘iston aholi jon boshiga YAIMda Rossiyadan o‘zib ketdi
Olam
−
15 avgust 5781 2 daqiqa
Qozog‘iston hozirgi narxlar bo‘yicha jon boshiga YAIM darajasi bo‘yicha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida yetakchiga aylanib, Rossiya, hatto Xitoyni ham ortda qoldirdi. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi e’lon qilgan statistikada keltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 14,77 ming dollarni tashkil etmoqda. Bu Rossiya (14,26 ming dollar), Turkmaniston (13,34 ming dollar) va hatto Xitoy (13,69 ming dollar)dan yuqori. O‘zbekistonda mazkur ko‘rsatkich 3,51 ming dollarga teng, ya’ni qo‘shni davlatnikidan qariyb 4,2 baravar past.
Ro‘yxatda boshqa davlatlar ham keltirilgan: Gruziya (9,57 ming dollar), Armaniston (8,86 ming dollar), Moldova (8,26 ming dollar), Belarus (7,88 ming dollar), Ozarbayjon (7,6 ming dollar), Ukraina (6,26 ming dollar), Qirg‘iziston (2,75 ming dollar) va Tojikiston (1,43 ming dollar).
Ushbu ko‘rsatkich hozirgi narxlar va inflyatsiyani inobatga oladi, shu sababli mamlakatning iqtisodiy farovonlik darajasini ancha aniq aks ettiradi. Taqqoslash uchun, ilgari MDH makonida iqtisodiy yetakchi hisoblangan Rossiya 14,26 ming dollar ko‘rsatkich qayd etgan, energiya resurslariga boy Turkmaniston esa 13,34 ming dollar.
Mutaxassislar bu yutuqni bir nechta asosiy omillar bilan izohlamoqda. Qozog‘iston katta neft, gaz, uran va boshqa resurs zaxiralariga ega bo‘lib, energiya resurslari va foydali qazilmalar eksporti iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda mamlakat xomashyoni qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni faol rivojlantirmoqda.
Izchil olib borilgan islohotlar biznes muhitini yaxshilab, xorijiy investitsiyalar jalb etilgan va infratuzilmani, ayniqsa transport, logistika hamda texnologiyalar sohasini modernizatsiya qilingan. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalarga investitsiyalar aholi turmush darajasini oshirib, mehnat unumdorligi va ichki bozor rivojiga turtki bergan.
Qozog‘istonning Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi strategik joylashuvi, “Bir kamar, bir yo‘l” kabi tashabbuslarda ishtiroki hamda Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Shu bilan birga, Qozog‘iston makroiqtisodiy barqarorlikni – past inflyatsiya, mustahkam tenge kursi va muvozanatli byudjetni saqlab qolmoqda, bu esa global chaqiriqlarga bardosh berishga yordam bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yuqori daromadli davlatga aylanishi uchun, ya’ni aholi jon boshiga daromad 14 ming dollardan oshishi uchun kamida 100 yil kerak bo‘lishi, Qozog‘istonning esa bunga 30 yil ichida erishishi kutilayotgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi