Qozog‘iston Ukrainaning neft terminaliga hujumini qoraladi
Olam
−
01 dekabr 5042 3 daqiqa
Qozog‘iston kecha, 30 noyabr kuni Ukrainaga Qora dengizda joylashgan va jahon neftining 1 foizidan ortig‘ini qayta ishlaydigan Kaspiy neft quvuri konsorsiumi (CPC) terminaliga hujumlarni to‘xtatishni iltimos qildi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining tegishli bayonoti e’lon qilindi.
Murojaat Ukraina tomonidan amalga oshirilgan yirik dron hujumi oqibatida eksport to‘xtab, yuklash infratuzilmasi jiddiy zarar ko‘rganidan keyin qilindi.
Rossiya, Qozog‘iston va AQSH aksiyadorlariga ega bo‘lgan CPC'ning ma’lum qilishicha, Qora dengizdagi Rossiya port terminalidagi bir necha muoringlarga Ukraina dengiz droni hujumi oqibatida jiddiy shaklda shikast yetgani tufayli operatsiyalar to‘xtatilgan.
Ukraina bu yil Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari va neft xomashyosi terminallariga bir necha marta yo‘naltirilgan hujumlar amalga oshirdi. Bu Rossiyaning harbiy iqtisodiyoti uchun asosiy daromad manbalaridan birini izdan chiqarishga qaratilgan harakat sifatida baholanmoqda.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, bu dron zarbalari tomonidan “xalqaro huquq me’yorlari bilan himoya qilinadigan, faqat fuqarolik maqsadlarida ishlatiladigan ob’ektga” qilingan uchinchi hujumdir.
“Qozog‘iston Respublikasi Novorossiysk porti hududida joylashgan xalqaro Kaspiy neft quvuri konsorsiumining muhim infratuzilmasiga yana bir qasddan qilingan hujumni qat’iy tarzda qoralaydi. Bizning nazarimizda sodir bo‘lgan bu voqea Qozog‘iston Respublikasi va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazadi. Ukraina tomoni kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun samarali choralar ko‘rishi kutilmoqda”, deyiladi Qozog‘iston TIV bayonotida.
Ukraina TIVga ko‘ra, ularning harakatlari Qozog‘istonga yoki uchinchi mamlakatlarga qarshi yo‘naltirilmagan, balki “Rossiyaning to‘liq miqyosli tajovuziga” qarshi turishga qaratilgan.
“Ukraina tajovuzkorga zarba beradi”, deyiladi Ukraina TIV bayonotida.
CPC OPEC+ a’zosi bo‘lgan Qozog‘iston neft eksportlarining taxminan 80 foizini tashkil qiladi. Qozog‘iston o‘tgan yili 68,6 million tonna neft eksport qilgan.
Konsorsium Tengiz, Qarachaganak va Qoshagan konlaridan olinadigan neft xomashyosini Novorossiysk yaqinidagi Yug‘na Ozareyevka terminaliga yetkazib beradi. CPC'ning asosiy ta’minotchilari Qozog‘istondagi konlar bo‘lsa-da, u Rossiya ishlab chiqaruvchilarining neft xomashyolarini ham qabul qiladi.
CPC'ning 1 500 km uzunlikdagi neft quvuri tarmog‘i Rossiya, Qozog‘istonning davlatga qarashli KazMunayGas kompaniyasi, shuningdek, Chevron, Lukoil va ExxonMobil kabi aksiyadorlarni o‘z ichiga oladi. CPC ma’lum qilishicha, 29 noyabr kuni terminalga qilingan dengiz droni hujumi Single-Point Mooring (SPM)-2 – neft yuklash uchun tankerler ulanadigan suzuvchi buyni “jiddiy zararlagan”.
“CPC'da SPM-2ni keyingi foydalanish imkoni yo‘q. Yuklash va boshqa operatsiyalar to‘xtatildi, tankerler CPC suv akvatoriyasidan chiqarib ketildi. CPC'ga qilingan hujumni biz konsorsiumga a’zo mamlakatlar manfaatlariga qilingan hujum, deb hisoblaymiz”, deyiladi bayonotda.
Ukraina tomoniga ko‘ra, Rossiya hududi ichiga chuqur kirib boradigan infratuzilma ob’ektlariga hujumlari o‘zini himoya qilish uchun oqlangan, chunki u Rossiya boshlagan va Ukraina energiya tizimini qish oldidan nishonga olgan imperiyaviy urushga qarshi kurashmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina hujumlarini “terrorizm aktlari” deb atadi. Rossiya rasmiylari aytishicha, Yevropa davlatlari Rossiyaga qarshi gibrid urush olib bormoqda va bunda G‘arb razvedka xizmatlari Kiyevga Rossiya ichidagi infratuzilma ob’ektlarini nishonga olishda yordam bermoqda.
Vazirlik ta’kidlashicha, bu hujumlar mintaqadagi dengizda erkin harakatlanish xavfsizligiga tahdid soladi.
Live
Barchasi