Qozog‘istonda haydovchisiz poyezdlar ishga tushiriladi
Olam
−
13 may 1105 1 daqiqa
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida haydovchisiz LRT poyezdlar (Light Rail Transit – yengil relsli shahar poyezd tizimi) ishga tushiriladi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, LRT harakatining rasmiy ishga tushirilishi 16–17 may kunlari bo‘lishi rejalashtirilgan. Hozirda loyiha yakuniy tayyorgarlik bosqichida bo‘lib, poytaxtda poyezdlar sinovdan o‘tkazilmoqda, xavfsizlik tizimlari tekshirilmoqda hamda infratuzilma sozlanmoqda. LRT sinov ekspluatatsiyasi 2025 yil 29 sentyabrdan boshlangan va kamida 6 oy davom etishi rejalashtirilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, poyezd xalqaro aeroport va “Nurli Jol” temir yo‘l vokzalini bog‘laydi. Yo‘nalish 22,4 kilometr uzunlikda bo‘lib, yo‘lovchilar uni bosib o‘tish uchun taxminan 40 daqiqa vaqt sarflaydi. Yo‘nalish bo‘ylab jami 18 ta stansiya joylashgan bo‘lib, ular biznes markazlari va turar joy hududlarini qamrab oladi.
Yo‘l haqi 200 tengeni (taxminan 5200 so‘m) tashkil etadi. Bitta poyezd 600 tagacha yo‘lovchini tashiydi, soatiga 80 kilometrgacha tezlikkacha harakatlanadi.
Tizimni 1000 dan ortiq kishi, jumladan, taxminan 300 nafar xorijlik mutaxassis boshqaradi. Shuningdek, bugunga qadar taxminan 500 nafar xodim – poyezd operatorlari, dispetcherlar va texnik mutaxassislar tayyorlangan.
Live
Barchasi