Qozog‘istonda 3 sayyohning jasadi topildi (video)
Olam
−
09:30 4452 2 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota tog‘li hududida bedarak yo‘qolgan uch nafar sayyohning jasadi topildi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Olmaota shahar Favqulodda vaziyatlar departamenti ma’lumotiga ko‘ra, 26 dekabrga o‘tar kechasi 112 raqamiga bir ayoldan murojaat kelib tushgan. U akasi, ikki nafar do‘sti bilan birga 24 dekabr kuni ertalab tog‘larga yo‘l olgani va qaytib kelmaganini bildirgan. Bedarak yo‘qolganlarning mobil telefonlari 12 soatdan ortiq vaqt davomida o‘chiq bo‘lgan.
Xabar kelib tushishi bilan vazirlikning kuch va vositalari zudlik bilan ehtimoliy qidiruv hududiga safarbar etilgan. Qidiruv ishlariga qidiruv-qutqaruv otryadi bo‘linmalari, Falokatlar tibbiyoti markazi, qutqaruv xizmati xodimlari, shuningdek, politsiya va ko‘ngillilar jalb qilingan.
Hodisa joyida tezkor shtab tashkil etilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish uchun vazirlikning “Kazaviasspas” vertolyoti havoga ko‘tarilib, parvoz davomida muzlik va cho‘qqilarni ko‘zdan kechirgan.
“Uchuvchisiz uchish apparati yordamida olib borilgan qidiruv ishlari natijasida “Lokomotiv” cho‘qqisi yaqinida jasad aniqlangan. FVV aviabori yordamida uni dengiz sathidan 3700 metr balandlikdan tushirish amalga oshirilib, jasad huquq-tartibot organlariga topshirildi”, deyiladi xabarda.
Sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Shaxslarni yakuniy aniqlash barcha zarur ekspertizalar yakunlangach amalga oshiriladi.
Qidiruv ishlarida 50 dan ortiq kishi, jumladan qutqaruvchilar va ko‘ngillilar, 7 ta texnika vositasi, 4 ta dron, shuningdek, Falokatlar tibbiyoti markazining 3 ta kinologik guruhi ishtirok etgan.
Voqea ortidan Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tog‘li hududlarga chiqishda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya etish zarurligini eslatgan. Yo‘lga chiqishdan avval ob-havo sharoiti va qor ko‘chkisi holatini inobatga olish, tog‘larga yolg‘iz bormaslik, yaqinlarga marshrut va qaytish vaqtini oldindan ma’lum qilish, aloqa vositalari hamda zarur jihozlarni o‘zingiz bilan olib yurish tavsiya etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota viloyatida bedarak yo‘qolgan vertolyotning bir qismi va bir ekipaj a’zosining jasadi topilgandi. Mutaxassislar sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va matematik hisob-kitoblardan foydalanib, vertolyot qulagan hududni aniqlagan. Shundan so‘ng, maxsus texnika va qidiruv guruhlari o‘sha joyga yo‘naltirilgan.
Live
Barchasi