Qozog‘iston tarixidagi eng katta stadion quriladi
Sport
−
12 fevral 6914 2 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota shahrida mamlakatdagi eng katta futbol arenasi quriladi. Bu haqda Olmaota shahar qurilish departamenti jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Olmaota shahar qurilish departamentiga hozirda xalqaro standartlarga javob beradigan 45 ming o‘rinli stadion qurish uchun Medeu tumani, Quldjinskiy trakt hududidan yer uchastkasi ajratildi.
Stadion UEFA IV toifasi talablariga muvofiq quriladi. Loyiha tabiiy chimli maydon hamda 1000 dan ortiq avtomobil uchun avtoturargohni o‘z ichiga oladi”, deyiladi hokimlik bayonotida.
Ta’kidlanishicha, qurilish qiymati loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan o‘tgach aniqlanadi. Inshootni foydalanishga topshirish muddati 2027 yilning to‘rtinchi choragiga rejalashtirilgan.
Yangi arena Qozog‘iston tarixidagi eng katta stadionga aylanadi. Hozirda mamlakatdagi eng yirik stadion 30 ming o‘rinli “Astana Arena” hisoblanadi. Shuningdek, Chimkent va Aqto‘beda 35 ming o‘rinli arenalar qurish rejalashtirilgan.
Taqqoslash uchun, 45 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Olmaota stadioni Turinning “Yuventus” klubi o‘ynaydigan “Allianz Stadium” (41 698) hamda Londonning “Chelsi” jamoasi uy stadioni “Stemford Bridj” (42 449)dan ham kattaroq bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Olmaotadagi asosiy futbol arenasi hozirda 23 804 tomoshabinga mo‘ljallangan Markaziy stadion hisoblanadi.
So‘nggi yillarda ushbu arenada Londonning “Chelsi” va Madridning “Real” klublari ishtirokidagi uchrashuvlar o‘tkazilgan. Shuningdek, Qozog‘iston milliy terma jamoasi ham bu yerda uchrashuvlarini o‘tkazadi.
Shuningdek, shahar ma’muriyatidan ushbu eski arenani rekonstruksiya qilish rejalari bor-yo‘qligiga aniqlik kiritdi.
“Hozirda qurilish boshqarmasi Markaziy stadionni rekonstruksiya qilish uchun mablag‘ ajratmagan. Shu sababli loyiha haqida batafsil ma’lumot berishning imkoni yo‘q. Moliyalashtirish manbalari aniqlangach, rekonstruksiya ishlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ham Yangi Toshkent hududida yirik sport inshooti – 55 ming o‘rinli zamonaviy futbol stadioni qurilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi