Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasida so‘z erkinligining mohiyati aniq belgilanyapti
Olam
−
12 fevral 892 3 daqiqa
So‘z erkinligi va axborot tarqatish erkinligi, Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasi loyihasiga ko‘ra, boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga, shuningdek, fuqarolarning sog‘lig‘iga daxl qilmasligi kerak. Bu haqda “Kazaxstanskaya pravda” gazetasida e’lon qilingan respublika konstitutsiyasi loyihasida aytilgan.
“So‘z erkinligi va axborot tarqatish erkinligi boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga, fuqarolarning sog‘lig‘i va jamiyatning axloqiga tajovuz qilmasligi, jamoat tartibini buzmasligi kerak. Senzura taqiqlanadi”, deyiladi hujjatda.
Loyihada so‘z, ilmiy, texnikaviy, badiiy ijod erkinligi kafolatlanishi ko‘rsatilgan. Davlat sirlarini istisno etganda, axborotni erkin olish va tarqatish huquqi qonunda taqiqlanmagan har qanday usullar bilan amalga oshiriladi.
“Konstitutsiyaviy tuzum asoslarini zo‘ravonlik bilan o‘zgartirish, Qozog‘iston Respublikasining hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga tajovuz qilish, jamoat tartibini buzish, milliy xavfsizlikka putur yetkazish, urush, qurolli mojarolar, ijtimoiy, irqiy, milliy, etnik, diniy ustunlik yoki nifoq, shafqatsizlik va zo‘ravonlik madaniyatini targ‘ib qilishga, shuningdek, bunday harakatlarni sodir etishga chaqirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi hujjatda.
Qozog‘istonning amaldagi konstitutsiyasida so‘z va ijod erkinligi kafolatlanadi, senzura taqiqlanadi, deb ko‘rsatilgan. Bunda har kim qonunda taqiqlanmagan har qanday usulda axborotni erkin olish va tarqatish huquqiga ega.
Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha respublika referendumi 15 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Unda bitta savol beriladi: 2026 yil 12 fevralda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan Qozog‘iston Respublikasining yangi konstitutsiyasi loyihasini qabul qilasizmi?
Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 fevral kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2026 yil 15 mart kuni mamlakatda yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining 84 foizi qayta yoziladi, tuzatishlar esa 77 ta moddani qamrab oladi.
Joriy yilning 20 yanvar kuni Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishida Prezident To‘qayev mamlakat bir palatali parlament tizimiga qaytishi va u Qurultoy deb nomlanishi, vitse-prezident lavozimi tiklanishi, davlat maslahatchilari lavozimi tugatilishi, shuningdek, Konstitutsiyaga qator o‘zgartirishlar kiritilishini aytgan edi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi bugungacha 6 marta o‘zgargan va so‘nggi o‘zgarish 2022 yilda bo‘lgan edi.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar:
1998 yilda – prezident va parlament deputatlarining vakolat muddatlari uzaytirildi. 2007 yil – proporsional saylov tizimiga o‘tildi va Birinchi Prezidentga cheksiz marta saylanish huquqi berildi. 2011 yil – muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. 2017 yil – ayrim prezidentlik vakolatlari parlament va hukumatga o‘tkazildi. 2019 yil – poytaxt nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirilishi munosabati bilan tuzatish kiritildi. 2022 yil – umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismi (33 ta modda) o‘zgartirildi. Prezidentlik muddati 7 yil – bir martalik etib belgilandi
Live
Barchasi