Qozog‘istonda yangi port quriladi
Olam
−
25 noyabr 4908 2 daqiqa
Qozog‘istonning Aktau shahrida yangi port qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyiha bo‘yicha Xitoyning Zhongyong International Group kompaniyasi strategik hamkor sifatida tanlangan. Bu haqda “Kazakhstan Today” хабар berdi.
Xabarga ko‘ra, investitsiya loyihasi 300 million dollarga baholanmoqda. Investor kompaniya allaqachon mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan va investitsiya shartnomasini imzolash uchun zarur hujjatlarni tayyorlamoqda.
Viloyat hokimi Nurdaulet Kilibayning ma’lum qilishicha, loyiha Xitoy – Qozog‘iston – Aktau – Boku – Poti – Yevropa yo‘nalishi bo‘yicha yangi xalqaro transport yo‘lagini shakllantiradi.
Uning ta’kidlashicha, loyiha amalga oshirilishi bilan yuk yetkazib berish muddati 7–15 kunga qisqaradi, transport xarajatlari 18–25 foizga kamayadi va yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Mamlakat Bosh vaziri Oljas Bektenov tegishli agentliklarga Aktau portida konteyner markazi qurilishi jarayonini muntazam nazorat qilib borishni topshirdi.
“Transport vazirligi Aktau portida konteyner markazi qurilishiga alohida e’tibor qaratadi va 2026 yilning birinchi choragi oxiriga qadar amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobot taqdim etadi”, dedi Bektenov.
Bosh vazirning qayd etishicha, hududiy ma’muriyatlar asosiy infratuzilmani – yer uchastkalari, kommunal tarmoqlar, avtomobil va temiryo‘llarga kirishini ta’minlashi zarur.
Ma’lumot o‘rnida, Kaspiy dengizidagi eng yirik konteyner markazi shu yil yozda Aktauda ish boshlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, 16 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida mintaqani Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan Transkaspiy yo‘nalishlari katta imkoniyatlarga ega ekaniga e’tibor qaratgandi. U ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Infratuzilmani rivojlantirish kengashini tuzish taklif qildi.
Komila Qobilova
Live
Barchasi