Qurbon hayiti arafasida og‘ir kasallar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi

Jamiyat

image

Bugun, 21 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat muborak Qurbon hayiti arafasida, yurtdoshlarimiz Haj amallarini ado etayotgan qutlug‘ kunlarda bo‘lib o‘tdi.

Davlatim rahbari muftiy hazratlari orqali muqaddas Makka shahrida bo‘lib turgan barcha hojilarni Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularning elu mamlakat tinchligi, xalq farovonligi, yoshlarning baxtu saodati yo‘lida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul bo‘lishini tilagan.

Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda har yili 15 ming nafardan ziyod o‘zbekistonlik muborak Haj safariga bormoqda. Bu yil yana bir xayrli tashabbus amalga oshirilib, davlat va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila a’zolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar o‘zbekistonlik ilk bor davlat hisobidan Haj safariga yuborilgan.

Prezident ziyoratchilarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘ragan, ibodatlarni bajarishi uchun tashkiliy ishlarning borishi bilan qiziqqan.

Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, tashkiliy ishlar uyushqoqlik bilan o‘tayotganini ta’kidlagan. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan o‘zbekistonliklar muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakat tinchligi, xalq farovonligini so‘rab duolar qilayotganini qayd etgan.

Suhbatda mamlakatda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalq qalbi, ma’naviyati va ma’rifatiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etilgan. Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi kabi yaqinda foydalanishga topshirilgan maskanlar ulug‘ ajdodlarning bebaho merosini keng targ‘ib etishga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.

Kuni kecha Qurbon hayitini mamlakatda o‘zgacha fayz va shukuh bilan nishonlash bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Muborak ayyomni nishonlash bilan bog‘liq xayru saxovat va muruvvat tadbirlari ham amalga oshiriladi. Jumladan, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, 10 mingdan ortiq bolalarga murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, 2 mingga yaqin og‘ir kasallikka chalingan o‘zbekistonliklarni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Masjid va qabristonlarni obod qilishga ham alohida resurslar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari hayotda ko‘pni ko‘rgan, duogo‘y hojilar yurtga qaytgach, islom ma’rifati va sog‘lom e’tiqodni xalqqa, ayniqsa, yoshlarga teran yetkazishda, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va ma’naviy muhitni mustahkamlashda namuna bo‘lishlariga ishonch bildirgan.

Suhbat yakunida Prezident barcha hojilarga salom yo‘llab, ularning savobli amallari qabul bo‘lishini, O‘zbekistonga sog‘-omon qaytishini tilagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qurbon hayiti shayx Nuriddin Xoliqnazar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing