“Kamp Nou”da Chempionlar ligasi o‘yini o‘tkaziladigan bo‘ldi

Sport

image

UEFA “Barselona”ga Chempionlar ligasi doirasidagi “Ayntraxt Frankfurt” bilan o‘yinni “Kamp Nou”da o‘tkazish uchun ruxsat berdi. Bu haqda “Mundo deportivo” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, UEFA qarori 45 401 tomoshabinga mo‘ljallangan yon stendni ochishga imkon beruvchi 1B bosqich litsenziyasi taqdim etilganidan keyin qabul qilingan. Turnir reglamentining 25.08-bandida guruh bosqichida stadionni o‘zgartirish taqiqlangani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, UEFA “Barselona”ning talabini inobatga olgan. Klubning uyiga qaytishi ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq kutilmagan holat sababli amalga oshmoqda va bu ustunlik sifatida qabul qilinmaydi.

Shuningdek, UEFA o‘yinda jonli auditoriya va mehmon muxlislari uchun stadion sig‘imining 5 foizini ajratishni talab qilgan. UEFA inspektorlari joriy yilning 29 noyabr kuni “Alaves”ga qarshi o‘yinda barcha xavfsizlik va operativ tafsilotlarni tekshirish uchun “Kamp Nou”da bo‘ladi.

“Ayntraxt Frankfurt”ga qarshi o‘yinga chiptalar yaqin kunlarda sotuvga chiqadi va abonement egalari ushbu o‘yindan qo‘shimcha to‘lovlarsiz bahramand bo‘lishlari mumkin.

Ma’lumot uchun, “Barselona” Chempionlar ligasi doirasidagi “Kamp Nou”da oxirgi marta 2022 yil 26 oktyabrda “Bavariya”ga qarshi o‘tkazgan edi. Oradan 1140 kun o‘tib, jamoa yana o‘zining asosiy stadionida Chempionlar ligasi o‘yinini o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Barselona” jamoasi ikki yildan ortiq tanaffusdan so‘ng joriy yilning 22 noyabr kuni La Liga doirasida “Atletik Bilbao”ga qarshi uchrashuvda o‘zining qayta qurilgan “Kamp Nou” stadioniga qaytishini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Chempionlar ligasi “Kamp Nou” 1140 kun “Ayntraxt Frankfurt”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing