Kelishuv yaqin: Temur Kapadze Indoneziyaga bordi
Sport
−
21 noyabr 4605 1 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Temur Kapadze Indoneziya milliy terma jamoasini boshqarish uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Hozirda o‘zbekistonlik mutaxassis muzokaralar o‘tkazish maqsadida Indoneziyada bo‘lib turibdi. Bu haqda “Vivagoal” xabar berdi.
Avvalroq, indoneziyalik futbol jurnalisti Afandi Gazali Toshkentga kelib, Temur Kapadze bilan o‘zaro suhbatlashgan edi. Uchrashuv chog‘ida Kapadzening o‘zi ham Indoneziya terma jamoasini boshqarishga qiziqayotganini yashirmagan. U agar Indoneziya futbol assotsiatsiyasi (PSSI) unga ishonch bildirsa, bu taklifni qabul qilishga tayyor ekanini ochiq aytgan edi.
Qayd etish joiz, bungacha Indoneziya futbol federatsiyasi va terma jamoa bosh murabbiyi Patrik Klyuyvert o‘zaro kelishuv asosida shartnomani bekor qilgandi. 49 yoshli Klyuyvert 2025 yil yanvaridan beri Indoneziya terma jamoasini boshqarib kelayotgan edi. U bilan tuzilgan bitim 2027 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, uni uzaytirish imkoniyati ham mavjud bo‘lgan. Klyuyvert boshchiligida jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazgan. Ulardan 4 tasida mag‘lub bo‘lgan, 3 tasida g‘alaba qozongan va 1 tasini durang bilan yakunlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi, keyinchalik yordamchi murabbiy sifatida faoliyat yuritgan Temur Kapadze terma jamoadan ketgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi