Keyn Ronaldu, Messi va Mbappening rekordlarini yangiladi
Sport
−
01 noyabr 2777 2 daqiqa
Germaniyaning “Bavariya” jamoasi hujumchisi Harri Keyn joriy mavsumning dastlabki 14 o‘yinida 22 ta gol urib, so‘nggi yigirma yillikning eng kuchli hujumchilari Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi va Kilian Mbappening natijalarini ortda qoldirdi. Bu haqda “Be Soccer” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Keyn har bir o‘yinda o‘rtacha 1,57 ta gol urmoqda. Bu uning “Tottenxem” va “Bavariya”dagi oldingi mavsum startlaridan ancha yuqori ko‘rsatkich. Masalan, avvalgi ikki mavsumda u 14 ta o‘yinda 17 tadan gol urgandi, “Tottenxem” safida esa hech qachon 13 tadan ortiq gol kiritmagan.
Angliyalik futbolchi endi “Oltin butsa” sovrini uchun asosiy da’vogar sifatida tilga olinmoqda. U joriy mavsumda 25 ta (22 gol va 3 assist) golda bevosita ishtirok etib, o‘zining shaxsiy rekordini ham yangiladi.
Keynning Bundesligadagi ajoyib starti nafaqat shaxsiy, balki “Bavariya” jamoasi uchun ham tarixiy bo‘ldi. Klub bu mavsumning dastlabki 14 rasmiy uchrashuvida hammasida g‘alaba qozonib, XXI asrdagi eng yaxshi startni qayd etdi.
Keynning 22 ta goli so‘nggi yigirma yil ichidagi eng yuqori natija sifatida qayd etildi.
Taqqoslash uchun:
- Krishtianu Ronaldu – 2014-2015 yilda 21 gol (“Real Madrid”);
- Erling Holand – 2019-2020 yilda 21 gol (“Zalsburg”);
- Robert Levandovskiy – 2019-2020 yilda 19 gol (“Bavariya”);
- Luis Suares – 2013-2014 yilda 19 gol (“Liverpul”);
- Lionel Messi – 2012-2013 yilda 17 gol (“Barselona”);
- Kilian Mbappe – 2025-2026 yilda 16 gol (“Real Madrid”).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Manchester Siti”ning norvegiyalik hujumchisi Erling Holand 7 ta jabha bo‘yicha Messi va Ronaldudan oldinda ekani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi