Xitoy Rossiya harbiylarini yashirin tarzda tayyorlagan – OAV
Olam
−
19:38 1168 2 daqiqa
Xitoy 2025 yil oxirida yashirin ravishda qariyb 200 nafar rossiyalik harbiyni o‘z hududida tayyorlagan. Ularning ayrimlari keyinchalik Ukrainadagi jangovar harakatlarga qaytgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Rossiya–Xitoy o‘rtasidagi ikki tilli kelishuv hujjatida aytilishicha, 2025 yil 2 iyul kuni Pekinda imzolangan bitimga muvofiq, rossiyalik harbiylar Pekin va Nankin shaharlaridagi harbiy bazalarda tayyorgarlikdan o‘tgan. Shuningdek, hujjatda yuzlab xitoylik harbiylarning ham Rossiyadagi bazalarda tayyorlanishi ko‘zda tutilgani qayd etilgan. Razvedka manbalariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar dronlar, elektron urush, armiya aviatsiyasi va zirhli piyoda bo‘linmalari yo‘nalishlarida tayyorlangan. Kelishuv shartlariga binoan, ushbu mashg‘ulotlar haqida ommaviy axborot vositalarida yoritish taqiqlangan va uchinchi tomonlarga ma’lumot bermaslik kerak bo‘lgan.
Yevropa razvedkasi vakillaridan birining aytishicha, Xitoy rossiyalik harbiylarni tayyorlayotgani Pekinning Ukrainadagi urushga avval o‘ylanganidan ko‘ra ko‘proq aralashayotganini ko‘rsatadi. Rossiya va Xitoy Mudofaa vazirliklari mazkur ma’lumotlarga izoh bermagan.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida Pekin Ukraina mojarosi yuzasidan “ob’ektiv va xolis pozitsiya”ni saqlab kelayotganini hamda tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, xitoylik harbiylarning Rossiyaga tayyorgarlik uchun yuborilishi kamida 2024 yildan beri davom etmoqda. Biroq rossiyalik harbiylarning Xitoy hududida tayyorlangani haqidagi ma’lumot ilk bor paydo bo‘lmoqda.
Ichki harbiy hisobotlarda rossiyalik harbiylar uchun o‘tkazilgan to‘rtta mashg‘ulot tafsilotlari ham keltirilgan. Ulardan biri Shitszyachjuan shahridagi akademiyada bo‘lib o‘tgan bo‘lib, unda 82 millimetrlik minomyotlardan o‘q uzish va dronlar yordamida nishonlarni aniqlash mashq qilingan. Yana bir mashg‘ulotda havo hujumidan mudofaa tizimlari, elektron kurash vositalari, dronlarga qarshi to‘r uloqtiruvchi qurilmalar hamda FPV dronlardan foydalanish bo‘yicha tayyorgarlik o‘tkazilgan.
Tayyorgarlikdan o‘tgan rossiyalik harbiylarning ayrimlari keyinchalik Qrim va Zaporoje hududlaridagi jangovar operatsiyalarda qatnashgan bo‘lishi mumkin.
Live
Barchasi