Xitoydagi suv toshqinlari qurbonlari soni 22 kishiga yetdi
Olam
−
15:18 505 2 daqiqa
Xitoyda kuchli yomg‘irlar va suv toshqinlari sababli halok bo‘lganlar soni 22 kishiga yetdi. Yana 20 nafar mahalliy aholi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida turibdi. Ofatdan bir vaqtning o‘zida bir nechta provinsiya jabr ko‘rdi. Bu haqda CNA xabar berdi.
So‘nggi kunlarda mamlakatning bir necha hududlarida rekord darajadagi yog‘ingarchilik qayd etilgan. Noqulay ob-havo tufayli rasmiylar maktablardagi darslarni va ayrim muassasalar faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ygan, shuningdek, stixiya oqibatlarini bartaraf etish uchun mablag‘ ajratishni boshlagan.
Bir nechta provinsiya jiddiy zarar ko‘rgan. “Sinxua”ning ma’lumotlariga ko‘ra, Xunan provinsiyasida besh kishi halok bo‘lgan, yana 11 kishi bedarak yo‘qolgan. Xabar qilinishicha, faqatgina bitta uyezdning o‘zida jala quyishi oqibatlari 61,5 mingdan ortiq aholiga ta’sir ko‘rsatgan.
Janubiy Guansi provinsiyasida tabiiy ofat qurbonlari soni 10 kishini tashkil etgan. Xitoy OAVlarining xabariga ko‘ra, yuk mashinasi qirg‘oqdan toshib ketgan daryoni kesib o‘tishga uringan, biroq kuchli suv oqimi mashinani oqizib ketgan.
Yana to‘rt kishi Guychjou provinsiyasida halok bo‘lgan. U yerda ham yo‘qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda. Xubey provinsiyasida esa suv toshqinlari uch kishining hayotiga zomin bo‘lgan, yana to‘rt kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Toshqinlar oqibatida ba’zi inshootlar vayron bo‘lgan va ayrim aholi punktlari bilan aloqa uzilgan.
Xitoy hukumati jabr ko‘rgan hududlarga yordam berish uchun 120 million yuan yo‘naltirgan. Bundan tashqari, jiddiy talofatlar va jabrlanganlarning ko‘pligi sababli Guychjou provinsiyasiga alohida yana 30 million yuan ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda yuz bergan kuchli yomg‘irlar janubiy va markaziy Xitoy hududlarida keng ko‘lamli toshqinlar va ko‘chkilarga sabab bo‘lgani, oqibatda kamida 10 kishi hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi