Xitoy Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida inshoot quradi
Olam
−
12:02 2037 2 daqiqa
Xitoy Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegara hududlarida 9 ta yangi chegara ob’ektini qurib beradi. Bu haqda “Asia Plus” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qurilishning umumiy qiymati 550 million somonidan ortiq bo‘lib, mablag‘ to‘liq Xitoy hukumati tomonidan ajratiladi. Tojikiston tomoni esa loyihani soliqlar, bojxona to‘lovlari va boshqa majburiy to‘lovlardan ozod qilish uchun javob beradi.
Ushbu kelishuv loyihasi 4 mart kuni Tojikiston parlamenti yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, ma’qullangan.
Loyihaning asosiy maqsadi Tojikiston chegara qo‘shinlarining moddiy-texnik sharoitlarini mustahkamlashdan iborat.
Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Murodali Rajabzoda parlamentdagi muhokama chog‘ida loyiha uch bosqichda amalga oshirilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bosqichni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan almashuv xatlari allaqachon imzolangan.
Hujjatlarga ko‘ra, qurilishning umumiy maydoni 17 109 kvadrat metrni tashkil qiladi. Chegara ob’ektlarini barpo etish uchun taxminan 569 million somoni (424 million 830 ming yuan) sarflanadi va bu mablag‘ Xitoy hukumati tomonidan ajratiladi.
Hozircha mazkur ob’ektlar aniq qaysi hududlarda qurilishi va ularning turi qanday bo‘lishi ochiqlanmagan.
Shuningdek, Xitoy respublikaga muhandislar yuborib, uskunalarni o‘rnatish va sozlash ishlarini amalga oshiradi, binolarni ofis va turar joy mebellari hamda kompyuterlar bilan ta’minlaydi.
Bundan tashqari, ob’ektlarga olib boruvchi yo‘llar, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari quriladi, elektr energiyasi olib kelinadi va boshqa zarur infratuzilma yaratiladi.
Ma’lum qilinishicha, loyihani moliyalashtirish Pekindagi ichki davlat protseduralari tugagandan keyin boshlanadi.
Bahriddin Ziyoining aytishicha, almashuv xatlari 2025 yil noyabr oyidayoq Tojikiston hukumati tomonidan tasdiqlangan va keyin parlament hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan kelishilgan.
Uning ta’kidlashicha, hujjatlar korrupsiyaga qarshi ekspertizadan ham o‘tkazilgan va unda korrupsiya uchun sharoit yaratadigan omillar aniqlanmagan.
Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichida 2017–2018 yillarda Xitoy moliyasi hisobidan Afg‘oniston bilan chegara hududlarida 12 ta chegara ob’ekti qurilgan.
Live
Barchasi