Xomanaiydan keyingi Eronda nimalar bo‘lmoqda?

Tahlil

Bir haftadirki Yaqin Sharq mintaqasida AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyalari davom etmoqda. Bir qator tinch aholi hududlariga berilgan zarbalar, havo hududlarining yopilishi va hujumga uchragan davlatlarning keskin bayonotlari sabab mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda. So‘nggi kunlarda Eronning raketa va dron hujumlari sezilarli darajada kamaygan. Shu bilan birga, AQSH va Isroil Eronning harbiy infratuzilmasiga, jumladan, raketa bazalari, dron ishlab chiqarish inshootlari, radar tizimlari va dengiz flotiga zarba berishda davom etmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, mojaroning hozirgi bosqichi bir necha yo‘nalishda kechmoqda: bir tomondan Eronning zarba berish imkoniyatlarini kamaytirish, ikkinchi tomondan esa uning harbiy logistikasini izdan chiqarish maqsad qilingan. Shu bois zarbalar asosan raketa omborlari, harbiy zavodlar va aloqa tizimlariga qaratilmoqda.

Raketalar soni keskin kamaydi

G‘arb rasmiylariga ko‘ra, urushning birinchi kunida Eron yuzlab raketa uchirgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich o‘nlab raketalargacha kamaygan. AQSH Oliy qo‘mondoni general Den Keynning ma’lum qilishicha, Eronning ballistik raketa uchirishlari mojaro boshlanganidan beri sezilarli darajada kamaygan. AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) esa so‘nggi 24 soat ichida ham hujumlar yana 23 foizga qisqarganini bildirgan.

Urushdan oldin Eron zaxirasida 2000 dan ortiq qisqa masofali ballistik raketa borligi taxmin qilingan. Biroq harbiylar o‘z qurol zaxiralari haqidagi aniq raqamlarni odatda oshkor qilmaydi. Mutaxassislarning fikricha, raketa hujumlarining kamayishi bir necha omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin: birinchidan, zarbalar natijasida ayrim raketa bazalari vayron bo‘lgan; ikkinchidan esa Tehron uzoq davom etishi mumkin bo‘lgan mojaro uchun qurol zaxiralarini ehtiyot qilmoqda.

Dron hujumi ham sustlashgan

AQSH va Isroilning Eronga hujumidan oldin bir qancha rasmiy manbalar Tehron minglab “Shahid” turidagi hujum dronlarini ishlab chiqarganini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, bu dronlar Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda ham keng qo‘llanilgan.

AQSH harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Eronning dron hujumlari ham keskin kamaygan. General Den Keynning aytishicha, mojaro boshlanganidan beri dron hujumlari 73 foizga qisqargan. Ayrim harbiy tahlilchilar bu holatni Eronning strategik sabr taktikasiga o‘tayotgani bilan izohlamoqda. Ya’ni Tehron zarbalarni vaqtincha kamaytirib, keyinchalik yirikroq hujumlar uchun resurslarni saqlab qolishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.

Raketa bazalari va harbiy ob’ektlar nishonga olinmoqda

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari AQSH va Isroil hujumlari oqibatida Eronning bir qator harbiy ob’ektlari zarar ko‘rganini ko‘rsatmoqda. Ular orasida Isfahon raketa inshootlari, Kirmanshohdagi raketa bazasi, Konarak dron bazasi, Zahedan aviabazasidagi radar tizimi va Natanz yadroviy ob’ekti bor.

AQSH harbiylariga ko‘ra, hujumlar tufayli yuzlab raketalar, dronlar va havo mudofaa tizimlari yo‘q qilingan. Mojaroning birinchi kunida Eron hukumati binolari ham AQSH va Isroil zarbalarining asosiy nishonlaridan biriga aylangan. Ayrim manbalarga ko‘ra, shu zarbalar oqibatida Eronning Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy va bir necha yuqori martabali amaldorlar halok bo‘lgan.

Rasmiy manbalarning bildirishicha, urushning oltinchi kuniga kelib AQSH va Isroil kuchlari Tehron ustidan havo ustunligini qo‘lga kiritgan. Ayni vaqtda ularning asosiy nishoni raketa uchirish maydonlari, dron bazalari, qurol omborlari va harbiy mahsulot ishlab chiqarish zavodlari hisoblanadi. CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, mojaroning keyingi bosqichi aynan shu ob’ektlarni aniqlab, tizimli ravishda yo‘q qilishga qaratiladi.

Eron dengiz floti ham zarba ostida

OAV sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarga asoslanib, AQSH va Isroil zarbalari oqibatida kamida 11 ta Eron harbiy kemasi shikastlangani yoki yo‘q qilingani haqida xabar bergan. Bandar-Abbos va Konarak dengiz bazalarida bir nechta kemalar yonib ketganini tasvirlarda ko‘rish mumkin. Shikastlangan kemalar orasida Eronning eng yirik harbiy kemalaridan biri – IRINS Makran ham bor.

AQSH harbiylari esa umumiy hisobda 17 ta Eron kemasi yo‘q qilinganini da’vo qilmoqda. AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegsetning aytishicha, 5 mart kuni mamlakat suvosti kemasi Hind okeanida Eron harbiy kemasiga torpeda bilan zarba bergan. Oqibatda kema Shri-Lanka qirg‘oqlari yaqinida cho‘kib ketgan.

Shri-Lanka rasmiylarining ma’lum qilishicha, kema bortida taxminan 180 kishi bo‘lgan. Qutqaruvchilar hozirgacha 80 ga yaqin jasadni topgan, 32 kishi qutqarilgan. Qolganlar bedarak yo‘qolgani aytilmoqda. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa bu hodisani xalqaro suvlarda sodir etilgan “vahshiylik” deb atab, AQSH “buning uchun javob berishini” bildirgan.

Qurbonlar soni oshmoqda

Inson huquqlari faollari axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro boshlanganidan beri Eronda 1000 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan. Isroilda esa bu ko‘rsatkich 11 kishi ekani aytilmoqda. Shuningdek, Quvaytdagi AQSH aviabazasiga hujumda 6 amerikalik askar vafot etgan.

Gumanitar tashkilotlar mintaqada tinch aholi orasidagi qurbonlar soni yanada oshishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ayrim shaharlarda elektr energiyasi va aloqa tizimlarida uzilishlar kuzatilmoqda.

400 yillik tarixiy yodgorlik zarar ko‘rdi

Isroil va AQSHning Tehrondagi hujumlari oqibatida UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Guliston saroyi ham zarar ko‘rgan. 1747–1751 yillarda qurilgan Taxt-i Marmar zalining shift bezaklari qulab tushgan. Saroy devorlarining bir qismi hamda derazalari shikastlangan.

Shuningdek, Abul Hasan Isfahoniy tomonidan loyihalashtirilgan va nafis bezaklari bilan mashhur Oynali zal ham zarba to‘lqinlaridan jiddiy zarar ko‘rgan. Guliston saroyi tarixan Qojarlar sulolasining siyosiy markazi bo‘lib xizmat qilgan va Eronning eng muhim tarixiy majmualaridan biri hisoblanadi.

Eron iqtisodiy tanazzuldami?

Harbiy to‘qnashuvlar sabab Erondan xabar olish tobora qiyinlashmoqda. Mamlakatning katta qismida internet uzilgani sababli yangiliklar oqimi keskin kamaygan. Biroq xorijiy OAVlarning mahalliy manbalarga tayanib xabar berishicha, Eronda iqtisodiy bosim va xavfsizlik bilan bog‘liq keskinliklar bir vaqtda kuchaygan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil fevral oyida Eronda inflyatsiya darajasi 68,1 foizga yetgan. Bu so‘nggi o‘n yilliklar ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Oziq-ovqat narxlari keskin oshib ketgan. O‘tgan yil bilan solishtirganda, umumiy oziq-ovqat narxlari 110 foizga, non va don mahsulotlari 142 foizga, go‘sht 117 foizga, sut mahsulotlari 108 foizga, mevalar 113 foizga va o‘simlik moyi 207 foizga qimmatlashgan.

2025–2026 yillarda maoshlar atigi 45 foizga oshgan. Natijada ko‘plab oilalar oziq-ovqat va dori-darmon xarajatlarini qisqartirishga majbur bo‘lmoqda. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ish tashlashlar neft va logistika tizimining ayrim qismlariga ham ta’sir qilgan. Bu esa transport va ta’minot zanjirlarida uzilishlarga olib kelgan.

Urushning keyingi taqdiri

AQSH Prezidenti Donald Tramp urush 4–5 hafta davom etishi mumkinligini, zarurat tug‘ilsa undan ham uzoq davom etishini bildirgan. Eron tomoni esa Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘limi ortidan qasos muqarrarligini ta’kidlab, yangi hujumlar ehtimolini istisno qilmagan.

Tahlilchilarning fikricha, mojaro bir necha ssenariy bilan yakunlanishi mumkin: Eron siyosiy tizimining zaiflashishi, yangi rahbarning yanada keskin siyosat yuritishi yoki mintaqada uzoq davom etadigan beqarorlikning shakllanishi.

Mutaxassislar Yaqin Sharqdagi vaziyat yaqin haftalarda global siyosat, energetika bozorlari va xalqaro savdoga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Raketa Dron hujumi Qurbonlar tarixiy yodgorlik zarba Xomanaiy dengiz floti Oliy qo'mondon harbiy ob'ektlar iqtisodiy tanazzul

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing